Breaking News

Urumchida vaziyat taranglashmoqda


Xitoyning Shinjon uyg'ur muxtoriyatida ahvol yana notinch. Aholi namoyishga chiqib, hukumatni xavfsizlikni ta'minlay olmayotganlikda ayblamoqda. Xavfsizlik kuchlari shay holatga keltirilgan. So'nggi paytda odamlarga shpritslar bilan hujum qilish hollari ko'paygan, deya xabar beradi Amerika ovozining Pekindagi muxbiri Alison Kleymen.

Shinjon ma'muriy markazi Urumchida bugun namoyishchilar va politsiya o'rtasida qonsiz to'qnashuvlar kuzatilgan. Ba'zi do'konlar va banklar bugun ishlamagan. Shahardagi ikkita masjid ham bomdod namoziga ochilmagan.

Urumchi bo'ylab odamlarning ko'p bo'lib to'planishi, quroldan foydalanish va zo'ravonlikka da'vat etishni man qiluvchi yozuvlar osib chiqilgan. Ba'zi yo'llar to'silgan.

Asosiy namoyish kecha bo'lgan edi. Unda mingdan ortiq kishi ishtirok etib, ko'pchiligi xitoylar bo'lgan. Ular hukumatdan xavfsizlikni ta'minlashni talab qilmoqda.

Urumchidagi taksi haydovchisiga ko'ra, shaharda shprits bilan hujum qilish hollari ko'paygan.

Mahalliy matbuotga ko'ra, 500 ga yaqin odam hujumga uchragan, aksariyati xitoylar, ammo jabrdiydalar orasida uyg'urlar ham bor. Bu kabi hujumlardan hech kim o'lmagan. Ular kimning ishi ekani noma'lum, ammo asosan xitoylarning nishonga olinayotgani voqealar ortida etnik sabablar borligiga ishora qilmoqda.

Urumchilik bir xitoyga ko'ra, shpritslar zaharlangan bo'lishi mumkin.

"Shaharda yashash xavfli bo'lib qoldi. Hukumat qo'lini qovushtirib o'tiribdi," deydi u.

Iyul oyida Urumchida uyg'urlar va xitoylar orasida yirik to'qnashuv yuz berib, hukumatga ko'ra 200 ga yaqin kishi o'lgan. Biroq uyg'urlar voqeada xitoylarni ayblab, qurbonlar soni bir necha baravar yuqori degan.

O'shanda mingga yaqin kishi hibsga olingan edi. 51 kishi sudga tortilgan. 800 ga yaqini hali ham tergov izolyatorida.

1 oktyabr kuni Xitoy kommunistik tuzumning 60 yilligini nishonlaydi. Ushbu munosabat bilan mamlakat bo'ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

XS
SM
MD
LG