Xitoy Yozgi Olimpiya o'yinlari davrida xurujlarni amalga oshirganlikda ayblanayotgan sakkiz kishining ismini e'lon qilib, ularni qidirmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida bo'lginchilik harakatlarida ham ayblanayotgan bu shaxslar uyg'ur millatiga mansub va Xitoy fuqarolari.
Xitoy hukumatiga ko'ra, ushbu sakkiz kishi Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati a'zolari. Harakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan terrorchi guruh deya tan olingan. Ular xurujlar uyushtirib, Pekindagi Olimpiya o'yinlarini izdan chiqarmoqchi va Shinjonda vaziyatni beqarorlashtirmoqchi bo'lgan, deydi hukumat.
Biroq guruh uyushtirgan xurujlar haqida batafsil ma'lumot yo'q. Rasmiy Pekin qidiruv e'lon qilgan.
Xitoy xavfsizlik rasmiysining aytishicha, xurujlarni uyushtirganlikda gumon qilinayotgan ushbu kishilarni ushlashda boshqa davlatlar yordam beradi degan umidda ular haqidagi ma'lumot tarqatilgan.
Yil boshida asosan uyg'urlar yashaydigan Shinjonda 80 dan ziyod kishi Olimpiya o'yinlari davrida terror xurujlari uyushtirmoqchi va odam o'g'irlamoqchi bo'lganlikda ayblanib ushlangan edi. Musobaqa ochilishidan bir necha kun oldin, avgust oyida muxtoriyatda 16 nafar chegara politsiyachisi o'ldirilgan edi. Hukumat aybni uyg'ur bo'lginchilariga qo'ygan.
Rasmiy Pekin terrorchilarga qarshi kurashayotganini aytadi, ammo xalqaro huquq tashkilotlari nazarida bu Xitoy hukumatining musulmonlarga qarshi tazyiqini oqlash uchun bahona.
Bu orada AQSh federal appelyatsiya sudi Guantanamodagi harbiy qamoqxonada saqlanayotgan 17 nafar uyg'urning ozodlikka chiqarilishini 24 noyabrgacha to'xtatib qo'ydi. O'sha kuni sudda Oq Uy ma'muriyati vakili tinglanadi. Hukumat nazarida uyg'ur mahbuslarga qo'nim beradigan uchinchi davlat topilmaguncha, ular ozod etilmagani ma'qul.