Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev 28 avgust kuni Dushanbeda Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammitida so’zlar ekan, mamlakati Gruziya bilan bog’liq mojaroda uning bu tashkilotdagi hamkorlariga tayanadi va bundan minnatdor ekanini aytdi.
Sammitda qabul qilingan deklaratsiyaga ko'ra, a’zo davlatlar Rossiya-Gruziya tinchlik sulhini qo’llab-quvvatlaydi.
Anjumanda xalqaro terrorizmga qarshi kurash, xavfsizlik, erkin savdo va sarmoya kiritish orqali aloqalarni mustahkamlash kabi mavzular ko’rilgan va qator hujjatlar imzolangan.
Unda qatnashgan mintaqa rahbarlari nazarida Kreml va Tbilisi ziddiyatni muzokara yo’li bilan hal qilishi zarur. Biroq Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi yuzasidan aniq munosabat bildirilmagan.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Xitoy, Rossiya, Qozog’iston,
Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston kiradi. Mog’uliston, Pokiston,
Eron va Hindiston kuzatuvchi maqomiga ega.
Xitoy
Rossiyaning Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olganidan
tashvishda. Xitoy uchun hududiy yaxlitlik nozik masala.
Chunki mamlakat Tibet va uyg’ur ozodlik harakatlariga qarshi kurashib keladi va o’z-o’zini boshqaruvchi Tayvanni hamon o’z hududi deb hisoblab, uning alohida davlat sifatida tan olinishiga qa’tiyan qarshi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Kin Gangning aytishicha, Xitoy Janubiy Osetiya va Abxaziya murakkab tarixga ega ekanini biladi.
"Mojaroni hal etish oson emas, ammo uning muzokaralar orqali yechim topishini istaymiz, qurolli to’qnashuvlar orqali emas",- deydi Xitoy rasmiysi.
Rasmiy Pekin Shanxay Hamkorlik Tashkilotining asosiy maqsadlaridan biri
separatizmga qarshi kurash ekanini eslatmoqda. Rossiya bo’lginchi hududlarni
tan olib, bu tashkilot nizomiga qarshi ish tutayotgan bo’lishi mumkin.