Breaking News

Dunyoning ikki yirik davlati Xitoy va Hindiston orasidagi azaliy ixtilof


Hindistonning yillik mudofaa byudjeti Xitoynikiga qaraganda qariyb uch barobar kam
Hindistonning yillik mudofaa byudjeti Xitoynikiga qaraganda qariyb uch barobar kam

Hindiston va Xitoy ikki mamlakat o’rtasidagi ziddiyatli chegara hududlarini qayta ko’rib chiqishga kelishib oldi. Yangi bitimga ko’ra, agar chegara hududida kutilmagan ixtilof ro’y bersa, mamlakat rasmiylari favqulodda tezkor yig’in va videokonferensiya o’tkazib, muammoning harbiy to’qnashuvga aylanib ketishining oldini oladi. So’nggi yillarda Hindistonning AQSh va Yaponiya bilan aloqalarni kengaytirayotgani ham bevosita Xitoy masalasi bilan bog’liq.

Xitoyning kuch-qudratga to’lib borayotgani yon qo’shnisi Hindistonni bezovta qilishi tabiiy. Yaqinda Hindiston AQSh va Yaponiya rasmiylari bilan poytaxt Dehlida o’zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga doir muzokara o’tkazdi. Tomonlar Xitoy bilan muloqot qilish yo’llari xususida ham gaplashdi.

Sobiq prezident Jorj Bush davrida davlat kotibi o’rinbosari bo’lib ishlagan Richard Armitajning fikricha, Xitoy mavqeining o’sib borishini to’xtatib bo’lmaydi, ammo qo’shnilar uni muvozanatda ushlab turishi mumkin.

“Regionda kuchli, tinch va liberal demokratiya hukm sursagina, Xitoyning kuchayishidan xavotirlanmasa bo’ladi”, deydi Armitaj.

Sobiq diplomat hamda Yaponiyaning Keyo va Meiji universitetlari professori Tomoxiko Taniguchi ham shunday fikrda. Uning aytishicha, agar hududdagi demokratik davlatlar yakdil bo’lsa, Xitoy bilan til topishish osonroq bo’ladi.

“Xitoy bilan aloqa qilishdan oldin hamfikr davlatlar bilan maslahatlashgan ma’qul. Chunki ko’p masalalarda AQSh, Yaponiya va Hindistonni Xitoy borasida tashvishga solayotgan masalalar o’xshashdir”, deydi professor.

1962-yili Hindiston va Xitoy o’rtasida yuzaga kelgan qisqa, ammo qonli urushning takrorlanishiga ko’pchilik ishonmaydi. Ammo chegaradagi ixtilof hanuz bartaraf etilmagan. Xitoy Hindistonga qarashli Arunachal Pradesh shtatini Tibetning bir qismi deb hisoblaydi. Shuningdek, Janubiy Xitoy dengizidagi tabiiy resurslarga da’vo qilib, qo’shni davlatlarga unga tegishli hududlarda qazish ishlarini olib bormaslikni tayinlagan.

AQSh Davlat xavfsizligi kengashi sobiq maslahatchisi, Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazining Yaponiya bo’yicha eksperti Maykl Grinning aytishicha, Xitoyni jilovlashga qaratilgan siyosat eskicha qarashdir. Lekin dunyoning eng ilg’or demokratik davlatlari Xitoyga uning siyosati bo’yicha noroziligini aniq bildirishi kerak, deydi Grin.

“Agar demokratiya Xitoyni jilovlashga yordam bermasa, AQSh, Hindiston va Yaponiya bu ishni iqtisodiy choralar orqali qilishi kerak. Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirib boraversak, o’yin qoidalarini o’zi uchun moslashtira olmaydi. Yaponiya, Hindiston, AQSh – hammamiz Xitoy bilan muloqotda unga ta’sir o’tkazishni xohlaymiz. Olimlar buni ta’sir o’tkazish muvozanati deb ataydi. Bunday yondashuv Xitoyni nazorat qilishga bo’lgan urinishdan farq qiladi”, deydi mutaxassis.

Hindiston Xitoy iqtisodiy qudrati va uning o’sib borayotgan mudofaa salohiyatiga qanday baho berishni bilmay boshi qotgan. Bu davlatning Yaponiyadagi sobiq elchisi Xemant Krishnan Singx fikricha, Hindiston mudofaa tizimiga xorijiy investorlarni jalb etib, uni Yaponiya-AQSh harbiy hamkorlik modeliga asoslash kerak.

“Agar Sietlda ishlab chiqarilayotgan samolyotni sotib olish rejada bo’lsa, Boingga shu samolyotni yoki qismlarini Hindistonda ishlab chiqarishga imkon berish kerak”, deydi Singx.

Xitoy shu hafta kelgusi yil uchun mudofaa byudjetini e’lon qildi. Xarajatlar ilk bor 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bu Hindistonning 36 milliard dollarlik mudofaa byudjetidan qariyb uch baravar ko’p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG