Breaking News

Xitoy AQShni dempingda ayblamoqda


Rasmiy Pekin AQShni avtomobillar va tovuq mahsulotlari dempingida, ya'ni Xitoy bozoridagi raqobatchilardan qutulish maqsadida mahsulotlarini Xitoyga haddan tashqari past narxda olib kirayotganlikda ayblamoqda. Xitoy nazarida Qo'shma Shtatlar xalqaro savdo qoidalariga xilof ish tutmoqda. Pekin bu tovarlar importiga tarif qo'yish ehtimoli bor. Kuzatuvchilar fikricha, AQShning yaqinda Xitoy mahsulotlariga tarif qo'yishi bunga sabab bo'lishi mumkin.

Xitoy Savdo vazirligiga ko'ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilar AQSh mahsulotlari ichki bozor qiymatidan past narxda Xitoyga kirib kelayotganidan shikoyat qilgan. Bu hol ayni damda Xitoy qonunlari va Jahon savdo tashkiloti qoidalari asosida tekshirilmoqda, deydi vazirlik matbuot kotibi.

"Demping amaliyoti qo'llanilgani haqidagi ayblovlar bilan bog'liq taftish Xitoy tomonidan proteksionizm ham, AQSh tariflariga nisbatan javob qadam ham emas," deydi vazirlik rasmiysi.

O'tgan hafta prezident Barak Obama Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobil shinalariga 3 yilga 35 foizlik tarif qo'yishni buyurgan. Undan oldin esa Xitoy po'lat trubalari ham tarifga uchragan edi.

Rasmiy Pekin bunga norozilik bildirib, Internetdagi qator Xitoy saytlarida AQSh zayomlarini sotib olishni to'xtatish chaqiriqlari yangragan. Amerika ichida ham Oq uy qaroriga norozilar kam emas. Asosan xaridorlar orasida, chunki Amerikada ishlangan shinalar Xitoynikidan ancha qimmat bo'lib, hammaning ham ularni sotib olishga qurbi yetmaydi.

Prezident Obama Xitoy mahsulotlari importi hajmining keskin oshgani hamda AQShdagi kasaba uyushmalar Xitoy shinalari amerikaliklarni ishdan ayirmoqda degan shikoyatlari bois tarif joriy etishga majbur bo'lganini aytadi. Kuzatuvchilar fikricha esa prezident Obama kasaba uyushmalar uning sog'liq saqlash islohotini qo'llab-quvvatlashiga umid qilib, talablarini qondirmoqda.

AQSh-Xitoy savdo muammolari kelasi hafta Pittsburgda bo'ladigan Katta Yigirmalik sammitida ikki davlat rahbarlari o'rtasida muhokama etilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG