Amerikada avtomobil savdosining hajmi o'tgan bir yil ichida 18 foizga oshgan.
Daromadning katta qismi eksportdan tushadi. Xitoy Amerika avtomobillari uchun yirik bozor, mahsulotga talab ham o’sib bormoqda.
Ammo Xitoy hukumati chel el kompaniyalari faoliyatiga cheklovlar qo’yayotgani savdoga ziyon qilishi mumkin.
Mazkur yilning yanvar oyidagi savdo o’tgan yilga qaraganda ancha yuqori. Amerikaliklar ko’proq mashina xarid qilmoqda.
General Motors kompaniyasining savdo hajmi 22 foizga oshgan.
Ford 13 foiz, Chrysler esa 23 foiz ko’proq daromad ko’rgan. O’tgan yili bankrotlik bilan yuzlashgan bu shirkatlar o’zini o’nglab oldi, deydi diler Jermi Anvil.
“Bu kompaniyalar biznes rejasini qayta ko’rib chiqib, sarf- xarajatni kamaytirdi. Bozorga, xaridorga qarab ish tutishni o’rgandi. Natija yomon emas”-, deydi u.
Ichki bozor qayta jonlanayotganiga qaramay AQSh avtomobilsozlari tushumining katta qismi tashqi savdodan.
O’tgan yili General Motors Xitoyga ikki yarim million dona mashina sotgan. Kompaniyaning 100 yillik faoliyati davomida eng yaxshi ko’rsatgich bu.
Kattaligi jihatdan General Motors dan keyin turadigan Ford kompaniyasi esa Xitoyga 600 ming avtomobil sotgan.
“Xitoy ulkan bir bozor, imkoniyatlar juda keng. 1.3 milliard aholisi bor bu mamlakatning. Yiliga 14 million mashina sotish mumkin. Ayniqsa kichik hajmdagi mashinalarga talab katta, deydi Ford kompaniyasi vitse-prezidenti Jey Meys.
Lekin xursand bo’lishga hali erta. Xitoy aholisi o’sishda davom etar ekan, mashinalar soni ham ortmoqda. Ko’chalarga har kuni ikki ming yangi avtomobil qo’shiladi.
Tirbandlikning oldini olish uchun hukumat cheklovlar joriy eta boshlagan. Bu esa avtomobil savdosiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Xitoylik diler Su Shin xavotirga o’rin yo’q deydi. “Bu oy avtosalonimizda bir dona ham mashina qolmadi. Hukumat yangi mashinalarni ro’yxatga olishni cheklayotgan bo’lishi mumkin, lekin talab katta, mashina har bir oilaga kerak”, deydi u.
Xitoy avtomobil bozori o’tgan yili 30 foizga kengayib, bugun dunyoda eng yirigi hisoblanadi. 2011 yilda esa savdo bir oz sekinlashishi kutilmoqda.
Lekin talab bor ekan, AQSh avto-kompaniyalari ishlab chiqarish hajmini oshirib, savdoga zo’r beramiz deydi. Mutaxassislar fikricha esa jahon bozorida neft narxi ko’tarilib borayotgani umidlarni puchga chiqarishi mumkin.