Dunyo bo’ylab neft narxi oshib bormoqda. Qora oltinga boy Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika notinch, demak muammo yanada chigallashgan.
Benzinning bir litri AQShda bugun 1 dollardan qimmat.
Amerikaliklar hech qachon yonilg’i uchun buncha haq to’lamagan. Muqobil yonilg'i manbalari va ularda yuradigan avtomobillarga talab ortgan.
Bozor mahsulotga to’la, lekin yangi avlod mashinalarining ham o’ziga yarasha kamchiliklari bor.
Elektr tokida yuradigan mashinalarni ilgari fantastika kinolarida ko’rsa bo’lar edi. Bugun ularning 30 dan ortiq turi mavjud.
“Chevrolet” kompaniyasining “Volt” rusumli avtomobili 100 foiz elektr tokida yuradi.
Quvvat miqdori kamaygudek bo’lsa, benzin yeydigan kichik motor ishga tushib, mashina batareykasiga qayta quvvat beradi.
“General Motors” kompaniyasi 1996 yilda “EV-1” rusumli mashina tanishtirdi.
Lekin uni yaratish kompaniyaga qimmatga tushgani bois ishlab chiqarish 1999 yilda to’xtatilgan.
Bugunga kelib texnologiya mukammallashdi, lekin oldinda qilinadigan ishlar bor. Masalan, katta shaharlardan chiqsangiz, mashinani zaryadlaydigan shoxobchalar yo’q, - deydi Edvard Keyr:
“Agar mashinalarning bunday turini ishlab chiqarishni keng yo’lga qo’ymoqchi bo’lsak, birinchi navbatda elektr toki bilan ta’minlaydigan markazlarni ko’paytirishimiz kerak”.
Bu vazifani “Aerovironment” degan shirkat allaqachon boshlab yuborgan. Shoxobchalar aholi punktlari va ish joylarida o’rnatilmoqda.
“Texnologiya asrida yashayapmiz”, - deydi kompaniya xodimi Kristin Xelsel.
“Avstraliyadan tortib Yevropagacha, Kanada, Braziliya, Hindiston… Biz kirib bormagan yerning o’zi yo’q. Bugun hamma avtomobilsozlikni takomillashtirish payiga tushgan. Elektr mashinalariga qiziqish kuchli”, - deydi u.
Ham elektr toki, ham benzinda yuradigan mashinalar asta-sekin ko’paymoqda.
“Toyota”ning “Prius” rusumli avtomobilining bozori chaqqon. “Prius” tabiatga kam zarar qiladi. Mana shunday mashinalarga o’tish kerak, deydi ekspert Karl Bauer.
“Bular benzin sovuradigan mashinalar sonidan juda kam. So’nggi besh yildagi kuzatuvlarga tayanib aytishim mumkin - gibrid mashinalar ikki-uch foizni tashkil etadi, xolos. To’la elektrlashgan mashinalar esa undan ham kam. Hisob-kitobni o’zingiz qilavering”, - deydi u.
Bauerning aytishicha, haydovchilarning xavotiri shuki, mashina zaryadi tugab, ular ko’chada qolib ketishi mumkin. Lekin bu tushuncha ham borgan sari yo’qolib bormoqda. Reja bilan ish ko’rsa, unday bo’lmaydi.
“Mana shunday xavotirlarga barham berishning turli yo’llari bor. Biri - mashina batareyalarini yangisiga almashtirish. Aytaylik, elektr quvvati sizning mashinangizda tugab boryapti, siz qayta zaryad qilish joyiga borib soatlab kutish o’rniga, eski batareyani yangisiga almashtirib yo’lingizda davom etaverasiz. Nari borsa 10 minut ketadi”.
Sinov maydonlarida vodorodda yuradigan avtomashinalar ham tekshiruvdan o’tmoqda. Yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bor imkoniyatini ishga solib, xaridorlar ko’nglini ovlashga tushgan, deydi Lezli Kendal.
“Bugungi xaridor talabchan va injiq. Ko’pchilik atrof-muhitni zaharlamaydigan mashina haydagisi keladi. Tejamkor, sodda, qulay va albatta xavfsiz bo’lsin deydi. Ishlab chiqaruvchi “xo’p bo’ladi” demasa, savdo o’ladi”, - deydi u.
Yangi mashinalar, yangi sanoat, taraqqiyot. Bugungi talabga qarab, ertangi kun mashinalarini tasavvur qilish mumkin – mukammal elektr avtomobillar.