Breaking News

O'zbekiston: Avtohalokatlarda ham haydovchi, ham piyoda aybdor


So’nggi yillarda dunyo bo’yicha avtohalokatlarning ortib borayotgani qayd etiladi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko’ra, bir yil davomida dunyoda sodir bo’layotgan avtohalokatlar urushlarga nisbatan ko’proq odamlar hayotiga zomin bo’layotgan ekan.

Yaqinda 16 davlat mutaxassislari ishtirokida Moskvada yo’l harakatlari xavfsizligi bo’yicha o’tgan xalqaro konferensiyada ham bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Yo’l halokatlari xavfsizligi bo’yicha Mustaqil Global komissiyaga ko’ra, avtohalokatlar keltirayotgan ofatlar kopgina davlatlarning iqtisodiy rivojiga to’sqinlik qilmoqda.

Konferensiyada ta’kidlanishicha, dunyoda har yili bir million ikki yuz ming odam yo'l halokatlarida hayotdan ko’z yumadi. Avtohalokatlar har yili dunyo xalqlariga 65,5 milliard dollar zarar keltirmoqda.

Men Toshkentning Farhod shoh ko’chasi bo’yida joylashgan Chilonzor dehqon bozori tomonga o’tish joyidaman. Farhod ko’chasi poytaxtning serqatnov shoh ko’chalaridan biri hisoblanadi. Men turgan yo’lkadan katta ko’chani kesib ko’plab yo’lovchilarning bozor tomonga o’tayotganini kuzatish mumkin.

Bu yerda piyodalar o’tishi uchun maxsus yo’lka chizilib, belgi qo’yilgan bo’lsa-da, yo’lovchi va haydovchilarning aytishicha, bu yerda so’nggi paytlar avtohalokatlar ko’plab sodir bo'lmoqda ekan. Bugun soat endigina 12 yarim bo’lganiga qaramay, kuzatuvchilarga ko’ra, bu joyda allaqachon ikkita avtohalokat sodir bo’lib ulgurgan.

- Avariya, mashinalar avariya bo’ldi, ikki marta.

"Men o’zim shu ikkinchi etajda turaman, ikkinchi xonada. Mana shu yerdan o’tayotganda haddan tashqari mashinalar ko’p. Piyodalarni o’tkazib yuborishmaydi. Kunida 7-8 ta avtohalokat ro’y beryapti, bir-biri bilan to’qnashyapti. Mana izlari, mana bu yerda qon izlari bor. Misol uchun, mana shu yerda qatiq sotadigan 12 yashar bolani mashina urib yubordi. Darrov kasalxonaga olib ketishdi. Bu tomonga o’tayotganda bir ayolni urib yubordi,” - deyishadi avtohalokatlarga guvoh bo’lganlar.

Men avtohalokat sodir bo’lgan, deb aytilayotgan yo’lni kuzataman. Oyna siniqlari va ayrim joylarda qon izlarini ham ko’rish mumkin. Bu yerda nega har kuni yoki kun ora avtohalokatlar sodir bo’layotgani sababini ba’zi yo’lovchilar shunday izohlashadi:

- Piyodalar o’tadigan joyga bitta svetofor qo’ysa, shu svetoforda biz sabr qilamiz.

- Odamlarning shoshishi sabab bo’ladi ko’pincha. Hammaning boshida tashvish, o’ylab yuradi-da tirikchiligini, xayol bilan yuradi. Shular sabab bo’lsa kerak.

- Mana siz 5-10 minut kuzatib turing, haddan tashqari uchib kelishadi, yana haqorat qilib ketishadi. Chunki bizlar o’tishimiz kerak, ular bizlarni o’tkazmaydi, bizlar ularni o’tkazmaymiz. Haqorat qilishadi qattiq, ha chopamiz-da bizlar ham, shoshamiz.

- Mana bu belgilar odamlarning o’tishi uchum mo’ljallangan-da o’zi. Odamlar o’tayotgan paytda haydovchilar to’xtab, o’tkazib yuborishi kerak. O’tkazib yuboradigani bor, otkazmaydigani bor hozirgi zamonda. Ikkinchi polosadan obgonga chiqqan paytda bolalar o’tib qolishi bor. Bosib, majaqlaydiganlar ham bo’lib turadi, bo’lmay iloji yo’q-ku.

Ayrim haydovchilar esa avtohalokatlar sababchisi qilib piyodalarni ko’rsatishadi.

- Avariya bo’lishiga haydovchilar aybdor emas, asosan piyodalar aybdor bo’layapti. Chunki mashinalarni mensimay qo’ygan piyodalar. Iye, ishonmasangiz haydab ko’ring, to’xtamaydi piyoda, piyoda o’tib ketadi. Nimaga o’tadi, mahinani o’tkazib yubormaydi grujonniy yuki bilan? O’tkazishi kerak-ku.

- Shofyorlar o’qib chiqqan, ular biladi yol qoidalarini. Piyodalar ko’pi bilmaydi-da qayerdan o’tish mumkin, qayerdan o’tish mumkin emas. Svetoforga qaramaydi, ketaveradi. Bittasi qo’zg’alsa, orqasidan o’ntasi chopib o’tib ketaveradi.

- Yo’lovchilar to’g’ri joydan otishsa, qoidaga rioya qilishsa, avariya ham kam bo’ladi. Haydovchilarga qulaylikni tug’dirib berishi kerak yo’lovchilar. Ana shundagina avariya kam bo’ladi, - deydi ayrim haydovchilar.

Poytaxtning boshqa ba’zi shoh ko’chalari qatori Farhod ko’chasi ham kengaytirildi. Transport harakati uchun qulay sharoit vujudga keldi. Biroq shu holatda ham bu ko’chada avtohalokatlar kamayish o’rniga ko’payayotgani boisi nimada?

- Mana shu yo’lni qurgandan keyin svetaforni qurmadi. Hamma avariya mana shu yerda. Peshexodni qo’yib yuboraman deb mashina to’xtaydi, tepadan ikkinchisi uradi. Piyodalar uchun yo’lak chizilgandan keyin svetofor ham qo’yish kerak. Texnika-da, bilib bo’lmaydi, tormoz otkaz qilib qolsa, odam bosib ketadimi. Kim aybdor? Haydovchi. Hech qaysi shofyor ko’chaga odam uraman deb chiqmaydi, to’g’rimi. Endi tunelga dolgiy istoriya-ku, svetofor qo’yish kerak osoni. Yoki bo’lmasa yopib tashlash kerak umuman bu yerni. Hamma avariya shu yerda. Nechtasi to’qnashyapti, nechtasi odam uryapti.

- Mana znak qo’yib qo’yibdi, bu znak uzoqdan kelayotgan odamga ko’rinmaydi. Tez kelishi bor. Keyin odamlaram-chi, mana bu yerda peshexod turadiyu, gazonlarning ustidan ham yurib ketishadi.

- Belgilar ham ko’rib turibsiz, o’chib ketgan. Shularni yaxshi ko’rinadigan, yarkiy ranglar bilan qilsa, oppoq qilib, o'shanda ancha ahamiyat beriladigan bo’ladi.

Haydovchilarning spirtli ichimlik iste’mol qilgani holda yo’l harakati xavfsizligini buzganligini kuzatish mumkin, deydi yo’lovchilardan biri.

- Ichib turib, ertasiga karaxt bo’lib, boshi og’rib, o’zini bilmasdan mana shunaqa qilib ishga chiqishadi. Ayniqsa shaxshiy moshinalarda bu voqea ko’p yuz berib turadi, -deydi u.

Yuk tashuvchi mashina haydovchisining fikricha, transportlarning nochor texnik holati ham avtohalokatlarga olib kelmoqda ekan.

“Avariya bo’layotganining ko’p sababi, biz o'ylaymiz, shu mashinalarning kerakli zapchastlari yo’q hozir. Bozorlardan hammasini olganda tozasi chiqmayapti. Oldinlari Rossiyadan toza mollar kelardi, hozir toza mollar kelmaydi. Avariyalarning ko’piga mana shular ham sabab deb o’ylaymiz-da. Hammasini vaqti-soatida remont qiladigan joylarimiz yo’q. Hamma o’zicha qilyapti. Hammasining vaqti-soati ham o’tib bo’lgan allaqachon. Yo’llar ham ko’p joyda chuqur joylar bor, aylanib o’tishga to’g’ri kelib qoladi. O’sha joyda bu yoqdan boshqa mashina chiqib qoladi. Shundan ham bo’lib turibdi ko’p joylarda. Hozirgi talablarga hech qanaqa javob bermaydi yo’llarimiz,” - deydi yuk tashuvchi mashina shofyori.

O'tgan yili O'zbekiston avtokorxonalari 50 dan ortiq yangi yo’lovchi tashuvchi transport bilan ta’minlandi. 39 yildan beri haydovchilik qilayotgan Abduqahhor Mavlonov shunday yangi avtobuslar birining haydovchisi.

- Bunga mana hozir bir yil bo’ldi, Mersedes Benz – Turkiya hamkorligida ishlangan mashina. Yo’lovchilar har xil chiqishadi, 60-70, 100ga yaqin chiqishadi, almashib turiladi.

MUXBIR: Endi shunda, sizdan ehtiyotkorlik ko’proq talab qilinadi-da. Shuncha odamning hayoti sizning qo’lingizda bo’lib turadi-da. Shunda siz yo’lda ketayotganda ko’proq nimaga e’tibor berasiz? Kuzatishlaringizcha, masalan sizning o’zingizning yo’lingizni to’sib, xalaqit beradigan narsalar nima?

HAYDOVCHI: Xalaqit beradigan narsalar o’zining joyida, o’zining bekatida to’xtamaydigan, yo’l harakatini buzuvchi shaxsiy mashina haydovchilar bo’ladi, yana odamlarning yugurib o’tishida bo’ladi, bolasiga e’tibor bermasligida bo’ladi, o’quvchilarning peshexod o’tadigan joylardan o’tmasligi sababchi bo’ladi. Haydovchining charchoq holati ham sabab bo’lishi mumkin.

Shahar tezkor yordam shifoxonasining travmatalogiya bo’limi qabulxonasi shifokori Ulug’bek Abdullayevning aytishicha, bu shifoxonaga bir oyda avtohalokatga uchragan 200 dan ortiq bemor keltiriladi.

“Tezkor qabulxonamizda hamma bemorlar uchun tezkor tibbiy yordamga tayyormiz. Bizga kuniga 50 dan ortiq bemor tushgan bo’lsa, avtohalokat bilan kuniga 5-10 ta bemor tushadi. Bir oy davomida qabulxonamizga 150-200 ta bemor murojaat qiladi. Bu sonlar ko’payishi mumkin. Avtohalokatlar bo’yicha har xil tan jarohatlari olib tushadi. Transport halokatidan keyin juda ham qattiq qo’shma jarohat olib kelgan bemorlar juda ham ko’p bo’ladi bizda. Og’ir jarohat bilan kelishadi, endi shuni aytib o’tish kerak-ki, o’lim holatlari ham bo’ladi,” - deydi shifokor Ulug’bek Abdullayev.

XS
SM
MD
LG