AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan bir kompaniya yuk tashuvchi yangi havo kemasi ustida ishlamoqda. Bu samolyot emas, tashqi ko'rinishdan dirijablga o'xshab ketadi. Kelajakda yo'lovchi tashisa ham bo'ladi. Apparat yangi texnologiya asosida uchadi, uni tijoriy va harbiy maqsadlarda ishlatish mumkin.
Aeros Korporatsiyasi ishlab chiqarayotgan apparatning nomi "Aeroskraft" bo'lib, 50 tonnadan oshiq yukni minglab kilometrgacha tashishga moslashtirilmoqda. Hozirda Los-Anjeles yaqinida uning ko'rgazma modeli qurilmoqda. Mudofaa vazirligi buning uchun pul va joy ajratgan. Apparat uzunasiga 75, eniga 30 metr bo'lib, kelasi yil oxirida parvozga chiqarilishi rejalangan.
Kompaniya vakili Edvard Pevznerning aytishicha, apparat odam borishi qiyin joylarga uchadi.
"Neft va gaz konlari o'zlashtirilayotgan Kanada shimoli va Alyaskaga, Amazonka pasttekisligiga, infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan Afrika qit'asiga parvoz qiladi", - deydi u.
Aeronavigatsiya bo'yicha muhandis Tim Kennining aytishicha, yangi texnologiya kemaga yuk ortish yoki tushirmasdan bemalol past-balandda uchish imkonini beradi. Apparat havodan ba'zida yengilroq, ba'zida og'irroq bo'lishi mumkin.
"Kema geliy gaziga to'ldirilgan bo'lib, uchishga yordam beradi", - deydi Kenni.
Geliy yordamida apparat havoga ko'tariladi, so'ng gaz siqilsa, qo'na boshlaydi. Kema boshqaruvi va harakatini aviayonilg'ida ishlaydigan parrakli, propellerli dvigatel ta'minlaydi.
Muhandis Tim Kennining aytishicha, apparatning yengil, ammo pishiq qobig'i maxsus texnologiya asosida tayyorlangan.
"Sun'iy ravishda ishlangan materiallarni yaratish texnologiyasi ancha ilg'orlashgan. Ularga alyuminiy qorishtirilib, juda ham yengil va shu bilan birga pishiq material ishlanmoqda", - deydi mutaxasiss.
Apparatning mana bu modeli kelasi yil oxirida parvoz qilishi kutilmoqda. Hamma narsa rejadagidek bo'lsa, bozorga bundanam yirik modellari chiqarilishi mumkin.
Bu kabi kemalar mudofaa sohasi diqqatini ham o'ziga tortmoqda. Tijoratda esa yirik turbinalarni shamol yordamida elektr quvvati oluvchi, oddiy transportda borish qiyin joylarga yetkazsa bo'ladi. Aeros Korporatsiyasining bildirishicha, apparat o'zini yaxshi ko'rsatsa keyinchalik odam tashiydigan modellari yaratiladi.