Breaking News

Vashingtonda xalqaro hunarmandchilik ko'rgazmasi


Hunarmand Josh Simpson
Hunarmand Josh Simpson

Vashingtonda o’tadigan Smitson hunarmandchilik ko’zgazmasi xalqaro maydondagi eng yirik va nufuzlisi. Unda qatnashish oson emas - jiddiy tanlovdan o’tish kerak. Bu yilgi tadbirga 100 dan ortiq hunarmand taklif qilindi. Sopol, oyna, metall, yog’och – tabiatda bor materialdan san’at namunalari, jihoz, kiyim-bosh, taqinchoqlar yasalgan. Haqiqiy durdonalar…

Josh Simpson esini tanibdiki, oyna bilan ishlaydi.

Uning koinotga ham qiziqishi katta.

Ikkala qiziqishini birlashtirishga qaror qilganida, oynadan sayyoralar shaklidagi noyob asarlar paydo bo‘la boshladi.

Simpson yasagan mana bu shar kichik sayyoraga o'xshaydi. Narxi 125 dollar.
Simpson yasagan mana bu shar kichik sayyoraga o'xshaydi. Narxi 125 dollar.
“Mening ijodimni oladigan bo’lsak, u yoki yerda turib samoga boqish, yoki aksincha, fazodan Yer yoki boshqa sayyoraga qarash bilan barobar. Shunday ishlayman men”.

Boshqa ustalar kabi Simpson ko’rgazmalarda qatnashadi. Smitson hunarmandchilik shousi eng zo’ri, deydi u.

Har yili taxminan 1200 odam ariza topshiradi. Ulardan 120 nafari tanlovdan o’tadi.

Simpson so’nggi 30 yil davomida ariza topshirib kelgan. Uch martagina omad unga kulib boqqan.

“Smitson hunarmandchilik shousi dunyodagi eng sarasi desam adashmayman. Xarvard universitetiga kirish bu yerda qatnashishdan osonroq bo’lsa kerak,” - deydi u.

Jiddiy tanlovdan o’tgach ishingizni Vashingtonga olib kelish kerak.

Shou ochilishiga 48 soat qolganida Simpson ukasi Kim bilan oynadan yasalgan asarlarni Massashusettsdagi uyidan Vashingtonga avtomobilda olib keldi.

Keyin esa mollarni rastalarga qo’yish kerak. Mayda, murakkab ish.

Zo’rg’a ulgurdi odam, deydi hunarmand.

Mehnat bu yerdagi namoyishga arziydi, albatta.

"Men har bir asarimni oynadan yasasam-da, unga o’zimni baxsh etaman. Sotib olsangiz, qalbimning bir qismi abadiy siz bilan bo’ladi. Umid qilamanki, unga qarab, samoga parvoz qilgandek bo’lasiz, men “Xabbl” teleskopi orqali ko’rganlarimni ko’rasiz”.

Koinotga qiziqqan usta taqdir taqozosi bilan fazogir Kedi Kolman bilan tanishib, turmush quradi.

Kedi fazoga uch marta uchgan.

“Kosmosdan menga minglab suratlar olib keldi. O’sha suratlardan foydalanaman,” - deydi usta.

Ketlin Uayt Korsen Simpson asarlari uni o’ziga tamoman maftun etgan:

"Bu durdonalarni ko’rib, ulardan ko’zimni uzolmay qoldim. Ayniqsa mana bu moviy billur menga juda yoqdi. Rangini qarang-a. Axir buni sotib olmay bo’larmidi”.

Simpson kelasi yili ham shouda qatnashish niyatida:

“Ishqilib kelasi yili ham nasib qilsin, menga omad tilang”.

Ko’rgazmaga chiptalar evaziga olingan mablag’ Smitson institutidagi ta’lim va tadqiqot dasturlariga sarflanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG