Breaking News

"General Motors" - bankrot


Prezident Barak Obama "General Motors" avtomobilsozlik kompaniyasining bankrot deb e'lon qilingani achinarli, biroq kompaniyaning oyoqqa turishi uchun zarur chora deb atagan. Endilikda "General Motors" islohoti bilan davlat shug'ullanadi.

Bir vaqtlar jahonning eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi kasodga uchrab, aksiyalarining 60 foizi davlat qo'liga o'tmoqda. Buning evaziga hukumat 30 milliard dollar sarmoya kiritib, "General Motors"ni jonlantirmoqchi. Xabarlarga ko'ra, kompaniya qarzlari mulkidan ko'ra ikki baravar katta.

Hukumat yordam tariqasida kompaniyaga 20 milliard dollar bergan edi, ammo "General Motors" rahbariyati uni yana daromadli korxonaga aylantira olmagan. Aksiyalarining bir qismini Kanada hukumati va avtomobilsozlar kasaba uyushmasi sotib olmoqda.

Sanoatni jonlantirishga qaratilgan islohot rejasi qabul qilinmas ekan, kompaniya butunlay yo'qolib ketishi mumkin, deydi prezident Obama.

"Hukumat "General Motors"ga yana yordam puli berishi mumkin edi, biroq kompaniya usiz ham qarzga botib ketgan," deydi u.

"Aksiyalarning katta qismi davlat qo'liga o'tayotgan bo'lsada, uning boshqaruvi bilan xususiy mutaxassislar shug'ullanadi."

Kapitalistik g'oyalarga sodiq respublikachilar yirik xususiy kompaniyaning davlat tasarrufiga o'tayotganidan norozi.

"Biroq Amerikaning avtomobil sanoati joylashgan Michigan shtati gubernatori Jennifer Granxolmning aytishicha, shtat ishsizlik soni bo'yicha mamlakatda birinchi o'rinda. Kompaniya va ish o'rinlarini saqlab qolishning o'zgacha chorasi yo'q," deydi u.

Shunga qaramay "General Motors" 10 dan ortiq zavodlarini yopishi yoki faoliyatini vaqtinchalik to'xtatishi haqida ma'lum qilgan. Uning ishchilari soni 60 mingni tashkil etadi. 1970-yillarda "General Motors"da yarim milliondan ziyod kishi ishlar edi.

Xabarlarga ko'ra, sentabr oxiriga borib kompaniya Xammer rusumini sotmoqchi. Kasodga uchragan yana bir kompaniya - "Chrysler" esa Italiyaning Fiat kompaniyasi bilan birlashmoqda.

XS
SM
MD
LG