Breaking News

Xitoy: Mintaqada talash hududlar Amerikaning ishi emas


Janubiy Xitoy dengizi kemalar tez-tez qatnovchi yo’lak, talaygina neft makoni sanaladi. Hududga Xitoy, Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam da’vogar.
Janubiy Xitoy dengizi kemalar tez-tez qatnovchi yo’lak, talaygina neft makoni sanaladi. Hududga Xitoy, Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam da’vogar.

Xitoy hukumati nazarida mintaqadagi talash hududlar, xususan, Janubiy Xitoy dengizi Amerikaning ishi emas va dengizga da’vo qilayotgan davlatlar masalani o’zaro hal qila oladi.

AQSh senatorlari o’rtada vositachi zarur deb, Amerika harbiy-dengiz kuchlari vaziyatni nazorat etishini taklif qilmoqda.

Qo’shma Shtatlat Senatida Xitoyning qo’shnilarga nisbatan agressiv xatti-harakatlari tanqid ostida. Xususan, neftga boy Janubiy Xitoy dengizi taqsimotini xalqaro muzokara yo’li bilan hal qilish muhokamada.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ayrimlar birovning ishiga aralashib xato qilmoqda, deydi.

“Tashqi kuchlar, jumladan, Qo’shma Shtatlar Xitoy suvereniteti, huquqini poymol qilmoqda. Shundog’am murakkab bahsga aralashib, atayin janjal ko’tarmoqchi”, - deydi Xitoy rasmiylari.

Janubiy Xitoy dengizi kemalar tez-tez qatnovchi yo’lak, talaygina neft makoni sanaladi. Hududga Xitoy, Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam da’vogar.

Rasmiy Pekin o’z manfaatini himoya qilayotganini ta’kidlaydi, biroq do’q-po’pisa yoki qurol ishlatmoqchi emas.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xon Lining aytishicha, muammoga aloqasi yo’q chet davlatlar o’rnini bilib, regionga izzat ko’rsatishi lozim.

Dushanba kuni Vyetnam va Filippin talash dengizda harbiy mashqlar o’tkazgan. Xitoy buni keskin tanqid qilib, o’rtada qattiq gaplar yangramoqda.

Filippin AQSh vositachiligini qo'llab-quvvatlamoqda
Filippin AQSh vositachiligini qo'llab-quvvatlamoqda

Qo’shma Shtatlar hozirda bu munozarada bevosita qatnashmaydi. Biroq Obama ma’muriyati mintaqada huquq va murosani himoya qilib keladi.

Xitoy-Afrika aloqalari

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Xitoyning Afrikaga atalgan yordami va sarmoyasidan tashvishda. Rasmiy Pekin esa hech kimni tobe qilmoqchi emasmiz, uzatilayotgan yordam ortida biror shart yo’q, deya ta’kidlaydi.

Xillari Klinton shu hafta Afrika bo’ylab safar qilar ekan, savdo asosiy mavzu bo’ldi. Vazira qayerda to’xtamasin, iqtisodiyoti kuchga to’lgan, nafaqat Osiyoda, balki dunyoda AQShga bas kelayotgan Xitoy masalasi ko’tarildi.

Xitoy-Afrika savdo aylanmasi o’tgan yili 40 foizga o’sib, 127 milliard dollarga yetgan. Sarmoyaning katta qismi mineral resurslar va neft eksportiga to’g’ri keladi.

Klinton Xitoy Afrikada mavjud muammolarga ham e’tibor qaratadi degan umidda.

“Xitoyning Afrikaga uzatgan sarmoyasi oshkora emasligi, mahalliy kadrlar uchun imkoniyat yaratmasligi xavotirga molik”, - deydi Amerika davlat kotibasi.

Xitoy hukumati Afrika davlatlaridagi loyihalarga faqat o’z fuqarolarini jalb qilib keladi. Mintaqadagi savdo uyushmalari bundan norozi, chunki proyektlar yangi ish o’rinlari yaratish yoki kadrlar malakasini oshirishga xizmat qilmayapti.

“O’zga davlatga borib, tabiiy zaxiralarini olib, rahbarlarga pulini to’lab ketish oson. Oddiy aholi esa unutiladi, hayot tarzi yaxshilanmaydi. Afrikada mustamlakachi siyosat takrorlanishini istamaymiz”, - deydi Klinton.

Xitoy hukumati birovga hukm o’tkazmoqchi yoki shart qo’ymoqchi emasmiz, deydi. “Sarmoya va yordam esa faqat hurmat, o’zaro manfaatga asoslangan”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG