Osiyo bo'ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Xitoyda.
Tomonlar moliya, Shimoliy Koreya, Tayvan kabi masalalarda to’xtalgan.
Klinton, jumladan, Xitoyni oraga tushib, Pxenyan yadro dasturini tugatishda jonbozlik ko’rsatishga chaqirdi.
Shimoliy Koreya xalqaro muloqotni 2008 yilda tark etgan. O’tgan yili esa Janubiy Koreyaga qarashli kemaga torpedo otib, cho’ktirganlikda ayblanmoqda.
Shuningdek, noyabrda shimol janubga raketa hujumi uyushtirgan.
Xitoy qashshoq Shimoliy Koreyaning asosiy ittifoqchisi, neft va oziq-ovqat ta’minotchisi.
Shunday ekan, Qo’shma Shtatlar rasmiy Pekin oraga tushib, Pxenyanni murosaga ko’ndiradi, degan umidda.
Xitoy rasmiylari Klinton bilan muloqot paytida Tayvan-AQSh harbiy hamkorligini va Tibet diniy rahnamosi Dalay Lamaning Vashingtonga tashirifini ham ko’tardi.
Xitoy Tayvanni o’zining hududi deb biladi, Dalay Lamani esa buzg’unchi.
Osiyoga safari davomida, jumladan, Xitoyda Klinton bir gapni qayta-qayta takrorladi: Amerika xorijiy kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini doimo vaqtida bajaradi.
Amerikada qarz va byudjet doirasida kelishmovchilik davom etar ekan, bu davlat bosh diplomati kecha Gong-Kongda o’tgan biznes anjumanida so’zladi.
“Kongress prezident Barak Obama olg’a surayotgan moliyaviy dastur bo’yicha kelishib olishiga ishonchim komil”, - dedi u.
AQSh xorijdan qarz olishi uchun so’nggi muhlat 2 avgust. Shu kungacha tomonlar bir to’xtamga kelishi kerak. Lekin muammoga hamon yechim yo’q. Xalqaro kreditorlar, ayniqsa, Xitoy va Yaponya Vashingtondagi bahsni yaqindan kuzatib bormoqda.
“Safarimda aksar odamlar menga AQSh moliyaviy masalaga qanday yechim topishi mumkinligi borasida savol berayapti. Bu masala bizga ham, sizga ham o’ta muhim ekanini bilamiz. Vashingtonda muzokaralar davom etayapti, siyosiy taranglik bor, deb o’ylash mumkin. Ammo bu vaziyat AQSh siyosiy tarixida odatdagi bahs-muhokamalardan biri hisoblanadi”, - deydi Klinton.
Rasmiy Pekin byudjet borasida tortishuvni uzoqqa cho’zmay, tezroq hal qilishga, jahon bozorini tahlikaga solmaslikka undamoqda.
Xitoyning xavotiri bejiz emas. Bu davlat Amerikaga kamida bir trillion dollar qarz bergan.