Breaking News

AQShda siyosiy partiyalar tortishuvi sabab byudjet qabul qilinmayapti


AQSh Kongressi
AQSh Kongressi

Muxolifat shu kunlarda yangi byudjet ustida ishlamoqda. Kamomadni yopish uchun ular federal xarajatlarni keskin kamaytirish kerak, deydi.

AQSh siyosiy sahnasida ikki yirik partiya hamisha raqobatda. Demokratlar va respublikachilar. Ular turli qarash va siyosatni targ'ib qiladi. Ayniqsa, bu ikki partiya federal hukumat hajmi va roli bo'yicha qarama-qarshi pozitsiyaga ega. Shu sabab tomonlar haligacha davlat byudjeti bo'yicha kelisha olmayapti.

Respublikachilar nazarida ularning 2010-yil noyabrida o'tgan saylovlardagi g'alabasi shundan dalolatki, saylovchilar federal hukumat hajmini qisqartirish tarafdori.

Senatdagi respublikachilar saylovchilar istagini bajaryapmiz, deb prezident Barak Obama taklif etgan, qiymati 3,7 trillion dollarlik 2012-yil byudjetini rad etdi.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonelning aytishicha, ortiqcha sarf-xarajatlar uchun pul yo'q.

Muxolifat shu kunlarda yangi byudjet ustida ishlamoqda. Kamomadni yopish uchun ular federal xarajatlarni keskin kamaytirish kerak, deydi.

Hukumat sarfiyati bo'yicha munozaralar kuchaysa-kuchayadiki, susaymaydi. 2012-yil prezident saylovlari yaqinlashar ekan, byudjet eng qizg'in muhokama qilinadigan mavzu bo'lishi kutilmoqda.

Prezident Obama partiyalar murosa va hamkorlik qilishi kerak deyishiga qaramay, byudjet bo'yicha qarashlarda farq juda katta.

Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, prezident Obamaning respublikachilar bilan soliq imtiyozlari bo'yicha murosaga kelishganidan so'ng reytingi ancha yaxshilandi.

Siyosiy strateg Mark Makkinonning aytishicha, Obama prezidentiligining dastlabki ikki yilida bo'lmagan hamkorlik hissi bu yili unga qo'l kelishi mumkin. Makkinon demokratlar va respublikachilar o'rtasida hamkorlikni targ'ib qiluvchi guruh asoschilaridan biri.

"Qarashlar turlicha bo'lgani bilan siyosatchilar va amerikaliklar muammolarni hal etishda bundan keyin birgalikda ishlaydi deb o'ylayman", - deydi mutaxassis.

Biroq Kongressga yangi saylangan respublikachilar byudjet masalasida murosa qilmoqchi emas, hukumatni qisqartirish va uning vakolatini cheklash ahdida qat'iy.

Bobbi Shilling Illinoys shtatidan. Saylovchilar islohotlarni talab qilgan va biz ularning umidlarini puchga chiqarmoqchi emasmiz, deydi u.

Siyosiy tahlilchi Charli Kukning aytishicha, ayrim konservativ qonunchilar ba'zi masalalar bo'yicha kelishmasligi aniq.

"Shunday bo'lsa ular o'z saylovchilariga xiyonat qilgan bo'ladi", - deydi Kuk.

Skott Folkner marhum sobiq prezident Ronald Reygan va Kongressda yetakchi respublikachilar bilan ishlagan. Byudjet bo'yicha siyosiy munozara saylov kampaniyasigacha cho'zilishi respublikachilar uchun yaxshi emas, deydi u.

"Respublikachilar saylovlargacha qolgan salkam ikki yilda boshqaruvni uddalay olishini namoyish etish o'rniga, Obamaga qarshi harakat qilishi yaxshilikka olib kelmaydi", - deydi Folkner.

Boshqa tomondan, deydi ba'zi ekspertlar, munozara Kongressdagi qonunchilar o'rtasida shu qadar janjalni keltirib chiqarishi mumkinki, prezident Obama undan unumli foydalansa bo'ladi.

Barak Obama haqida ikki kitob muallifi Richard Vulfning aytishicha, shunday bo'lgan taqdirda, prezidentning imkoniyatlari kengayadi.

"Obama hakam sifatida, bolalarini yarashtirishga shoshgan ota rolida o'rtaga chiqadi", - deydi Vulf.

Kelasi bir necha oyda respublikachilar orasida prezidentlikka da'vogarlar sekin-asta yuzaga chiqar ekan, byudjet masalasi va federal hukumat hajmi bo'yicha munozaralar muxolifat ichidagi saylov kampaniyasiga ham tarqalishi tabiiy hol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG