Breaking News

Prezident Obama: Kongress ishini qilsin


Barak Obama Oq Uyda matbuot anjumanida gapirar ekan, Kongress a'zolarini yozgi ta'tilga shoshilmay moliyaviy muammolarni hal etishga undadi
Barak Obama Oq Uyda matbuot anjumanida gapirar ekan, Kongress a'zolarini yozgi ta'tilga shoshilmay moliyaviy muammolarni hal etishga undadi

Bugungi kunda AQSh oldida turgan eng murakkab masala - byudjet kamomadini kamaytirish, shu bilan birga, chet davlatlardan yana qarz olishdir.

Prezident Barak Obamaning ogohlantirishicha, Kongress tez orada bir qarorga kelmasa, mamlakat tarixda ilk bor moliyaviy majburiyatlarini buzgan bo’ladi, foizni to’lay olmaydi.

Oq Uydan matbuot anjumanida gapirar ekan, Obama qonunchilarni masalaga jiddiy yondashib, yozgi ta'tilga shoshilmay, yechim uchun ovoz berishga chaqirdi. Xalq manfaatini o'ylasin ular, o'z vazifasini bajarsin, deydi u.

Kongressda hukmron ikki partiya aybni bir-biriga to’nkash, shart qo’yish bilan ovora.

Siyosatdonlar firkicha, iqtisodiyot yaxshilanmasa, Obamaning prezidentlikka qayta saylanishi amrimahol.

Kapitoliy, Kongress binosi
Kapitoliy, Kongress binosi

Yana to’rt yilga loyiq rahbarman desa, Barak Obama Amerika iqtisodiyotini krizisdan olib chiqish uchun agressiv choralar ko’rayotganini amalda ko’rsatishi kerak.

Bugun 14 million amerikalik ishsiz yuribdi, lekin shunday zavod va korxonalar borki, o’tgan yillar ichida ishdan bo’shatilgan xizmatchilarini qayta yollamoqda.

Saylovchilar bilan suhbatlarida Obama ana shularni ko’z-ko’z qiladi, qiyin bo’lsada oyoqqa turayotgan kompaniyalarni misol keltiradi.

Obama Ayova shtatidagi “Alcoa” alyumin zavodida to’xtab o’tdi. “Bilaman”, - deydi u, “ayrim amerikaliklar maqtashga topgan narsasini qarang, deb mazax qilishi mumkin. Lekin Vashingtondagi manzara bilan qiyoslaganda, oddiy odamlar bir ilojini qilib, yo’lini topib ketayapti”.

“Siyosatchilar, siz saylagan vakillar har qadamda talashib yurgan bir paytda, siz muammoga tik qarab, amaliy yechimlar topdingiz”, - deydi prezident zavod ishchilariga qarata.

Uning aytishicha, innovatsion yondashuv va moslashuvchanlik zamon talabi. Faqat tanqid bilan ish bitmaydi.

MIshel Bakman, prezidentlikka da'vogar respublikachi
MIshel Bakman, prezidentlikka da'vogar respublikachi

Kelasi yili prezident saylovlarida Obama bilan bellashayotgan respublikachilar uni har jabhada layoqatsiz rahbar deya ta’riflaydi. Ayova saylov natijasini hal qiluvchi shtatlar sirasiga kiradi. Nomzodlar bu yerda kampaniyaga zo’r bermoqda.

Kongress a’zosi, “Choychilar” konservativ harakati yetakchisi Mishel Bakman poygada qatnashishini shu yerda e’lon qilgani bejiz emas.

“Obama faqat bir muhlatga loyiq rahbar”, - deydi u.

Ayni damda Vashingtonda byudjet yuzasidan muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Xarajatni 2-4 trillion dollarga kesish uchun Obama vositachi bo’lib o’rtaga kirdi.

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner
Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner

Demokratlar nazarida o’ziga to’q, badavlat fuqarolar ko’proq soliq to’lashi kerak. Respublikachilar soliqlarni ko’tarishga umuman qarshi, lekin xarajatni kamaytiramiz deb turib olgan.

Amerikada qarz miqdori ham qonun bilan chegaralangan. Uni ko’tarish uchun so’nggi muhlat - 2 avgust.

Senatda demokratlar sardori Garri Rid “safsata sotish vaqti o’tdi, respulikachilar o’jarlikni yig’ishtirib, iqtisodni birinchi o’ringa qo’ysin”, - deya undamoqda.

Prezident Obama muxolifat bilan yuzma-yuz gaplashib olgan, biroq murosadan darak yo’q. 2 avgustdan so’ng AQSh moliya masalalariga kelganda “mas’uliyatli davlat” degan nomidan va natijada past foiz stavkalaridan ayrilishi mumkin. Stavkalar bir foizga oshsa ham, bu 140 milliard dollar degani. Davlat g’aznasi esa bo’m-bo’sh.

Amerikaliklar Obamaga iqtisodiy sharoitga qarab baho beradi. Sharoit esa og’ir. Saylovgacha bir-yarim yil vaqt bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG