Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga qiziqishi ortida uning energetikaga ehtiyoji turadi.
Sobiq Ittifoq parchalanganidan beri Rossiya ham bu mintaqada o’z kuchini yo’qotmaslikka, uni mustahkamlashga harakat qilib keladi.
Lekin Markaziy Osiyo bo’ylab sayohat qilsangiz, har yoqda Xitoy roli oshib borayotganiga guvoh bo’lasiz.
Almati shahrining “Baraxolka” nomli bozoridamiz. Asosan, eski-tuski mollar sotiladigan bu joyda bugun aksariyat savdogar va buyumlar Xitoydan.
Markaziy Osiyoning eng barqaror o’lkasi deya tilga olinadigan Qozog’istonda kiyim- kechak, telefon va boshqa elektronika buyumlari, hatto, olma sotib olmoqchi bo’lsangiz ham, mahsulot Xitoydan olib kelingan.
Rossiyada ishlab chiqarilgan buyumlardan esa asar ham yo’q.
“Rossiya mollari? Bizda unaqasi yoq”,- deydi sotuvchilardan biri.
62 million aholi istiqomat qiladigan mintaqa bugun o’z hayotini Xitoy tovarlarisiz tasavvur qila olmaydi. Turmushning har bir jabhasida ularga zarurat bor.
Xalqaro Energetika Agentligi hisobicha, Xitoy elektr quvvati ishlatishda Qo’shma Shtatlarni ortda qoldirgan. Bu ko’rsatkich kelasi 25 yil ichida ikki hissa ortishi kutilmoqda.
Osiyoshunos olim Xongyi Lay tahlilicha, Markaziy Osiyo Xitoy uchun juda muhim, ayniqsa uning neft va gaz boyliklari.
“Xitoy neft va gazni qaysidir yurtlardan dengiz orqali olib kelgandan ko’ra, qo’shni mintaqadan, Markaziy Osiyodan osongina keltirishni istaydi. Bu ham arzon, ham xavfsiz”, - deydi Lay.
Bir paytlar Buyuk Ipak Yo’li orqali Xitoy o’z mahsulotlarini Yevropaga olib borgan. Markaziy Osiyo bu savdo yo’lining qoq yuragi bo’lgan.
Bugun Xitoy mintaqaga katta miqdorda sarmoya kiritmoqda. So’nngi hisoblarga ko’ra, Xitoy shu kungacha Markaziy Osiyoda 25 milliard dollar sarmoya qilgan.
Turkmaniston gazi bugun Xitoy xonadonlarini isitmoqda. Orada quvur yotqizilgan.
Bugunga kelib Turkmaniston Rossiyadan ko’ra Xitoyga ko’proq tabiiy gaz sotadi.
Neft ishlab chiqarish bo’yicha dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylanishga harakat qilayotgan Qozog’iston qora oltinining to’rtdan birini aynan Xitoyga uzatmoqda.
Neft va gaz guvurlarini yanada uzaytirish uchun pul kiritayotgan Xitoy Qozog’iston hududiga o’tadigan 3 ming kilometrlik magistral uchun ham moliya ajratgan. Bu yo’l Xitoyni G’arbiy Yevropa bilan bog’lashi rejalagan.
Amerikalik mutaxassis Parag Xanna fikricha Xitoy Markaziy Osiyodagi faol harakatlari Rossiyani bir o’z shoshirib qo’ygan.
Rossiya bu hududda iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini qo’ldan boy bermaslikni istasa, e’tiborni oshirish kerak, deydi Parag Xanna.
“Rossiya Markaziy Osiyo rivojiga hissa qo’shish uchun ayamay investitsiya olib kirishi kerak. Aks holda, avlodlar almashib, g’arbcha yoki sharqona qarashlar takomillashar ekan, Rossiya bu mamlakatlarda o’z ta’sirini yo’qotadi”,- deydi olim.
Bu fikrga kelish uchun olim bo’lish shart emas. Atrofingizga bir qarasangiz, xulosani o’zingiz chiqarib olasiz, deydi Parag Xanna.
Almati - Urumchi yo’nalishida samolyot haftasiga yetti kun qatnaydi. Sovet ittifoqi qulagandan beri Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o’rtasidagi chegara tushunchasi ham bugun tubdan o’zgargan.
Ko’plab qozoq yoshlari Xitoy tilini mukammal o’rganib Xitoy universitetlarida o’qish uchun grant va stipendiya olmoqda, deydi siyosiy sharhlovchi Dosum Satpayev.
“Hozirda ko’plab qozog’istonlik yoshlar Xitoyda tahsil olmoqda. Bir kun kelib ular vataniga qaytganida Xitoy ulardan foydalanishi tabiiy hol. Rossiyaga kelsak, bugun u regionda Xitoy uchun jiddiy raqib emas. Borgan sari Rossiya ta’siri kamayib boraveradi”,- deydi Satpayev.
Qozog’istonda bugun odamlar “agar ketmoqchi bo’lsang, ingliz tilini, qolmoqchi bo’lsang, xitoy tilini o’rgan” deyishadi.
Lekin Qozog’iston va Xitoy munosabatlari doim ham risoladagidek emas. Qozog’iston hukumati 1000 gektar yerni xitoylik fermerlarga ijaraga berish rejasini bekor qilgan.