Breaking News

Shvarsenegger Rossiyaga sarmoya kiritishga undamoqda


Gubernator o’zi bilan birga "Google", "Oracle" va "Microsoft" kabi kompaniyalarning vakillarini ham ergashtirib borgan. Qo’shma Shtatlar Rossiyada do’konlar ochishi kerak, deydi u.
Gubernator o’zi bilan birga "Google", "Oracle" va "Microsoft" kabi kompaniyalarning vakillarini ham ergashtirib borgan. Qo’shma Shtatlar Rossiyada do’konlar ochishi kerak, deydi u.

Kaliforniya gubernatori Arnold Shvarsenegger bir guruh investorlar bilan Rossiyaga safar qilar ekan, yuqori texnologiya bobida kattagina bitimlar imzolash niyatida. Gubernator hafta boshida prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan.

Shvarsenegger nazarida Rossiya olamshumul imkoniyatlar diyori. Bu salohiyatdan foydalanish kerak, deydi gubernator. Rossiyaga, informatsion texnologiya sektoriga sarmoya kiritish lozim, deydi u.

Prezident Dmitriy Medvedev shu yil boshida AQShda bo’lib, Kaliforniyada, texnologiyasi bilan mashhur Silikon vodiysida mehmon bo’lgan edi. Shvartsenegger bu iltifotga javoban endi Rossiyaga safar qilmoqda.

Gubernator o’zi bilan birga "Google", "Oracle" va "Microsoft" kabi kompaniyalarning vakillarini ham ergashtirib borgan. Qo’shma Shtatlar Rossiyada do’konlar ochishi kerak, deydi u.

Biroq rossiyalik tahlilchi Masha Lipman fikricha, bu yurtda biznes qilish mushkul.

Rossiya qonunga qat’iy amal qiladigan davlat emas. Qarorlar imi-jimida qabul qilinadi bu yerda. Hukumat bilan kelishmay qolsa, shart qayirib olishlari hech gapmas, deydi Lipman. Hukumat degani degan, birov g’ing deya olmaydi, deydi u.

Dmitriy Medvedev islohot va sarmoya zaruratini bot-bot ta’kidlab keladi. Rossiya qaysidir sohada oqsar balki, ammo Qo’shma Shtatlar bilan hamkorlik tarafdori, deydi u. "Amerika tajribasiga havas qilamiz va undan namuna olmoqchimiz", deydi Medvedev.

Sal oldin prezident qarori bilan Moskva yaqinida yangi texnologiya markazi ochilgan. Skolkovo majmuasini ba’zida Rossiyaning Silikon vodiysi deya ham ta’riflashadi. AQShning Cisco kompaniyasi kelasi 10 yilda Rossiyaga 1 milliard dollar sarmoya kiritishga va’da bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG