Breaking News

Obama uchun Kreml bilan til topishish oson kechmaydi


Barak Obama lavozimiga kirishganida tashqi siyosat, jumladan Rossiya bilan sovuqlashgan munosabatlarni qayta ko’rib chiqishiga to’g’ri keladi.

Aksariyat tahlilchilar ikki mamlakat orasida bugungi aloqalarni salbiy deb baholaydi. Rossiya Vladimir Putin prezidentligi davrida va hozir ham AQSh tashqi siyosatini tanqid qilib, bu davlatni kalondimog’lik, xalqaro hamjamiyat fikrini nazar-pisand qilmaslikda ayblab keladi.

Putinga ko’ra Iroq istilosi bunga eng yorqin misol. Rossiya Amerikaning Iroqqa yurishiga so’nggi daqiqalargacha qarshi chiqqan davlatlardan. Rossiya Gruziyaga bostirib kirganida esa Putinning Oq uyga javobi tayyor edi, ya’ni “o’zingiz Iroqda nima qildingiz?”

Tahlilchilar ta’biricha, muhlatini tugatayotgan prezident Jorj Bush va Vladimir Putin o’rtasidagi qator uchrashuvlar ham o’rtadagi muzni erita olgani yo’q.

Brent Skovkroft 1970-1980 yillarda AQSh Xavfsizlik Kengashida maslahatchi bo’lib ishlagan.

“Hech bir tomonda bir-biriga quloq tutish, gaplashish, dardini tushunish istagi sezilmaydi. Vaholanki Sovuq urush tugagach Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan munosabatlar qanday kechishi to’g’risida jiddiy o’ylanishi, kerak bo’lsa muayyan strategiya ishlab chiqishi kerak edi”, - deydi Skovkroft.

Sovet Ittifoqining parchalanishi, deydi sobiq diplomat, Rossiyani go’yoki o’tmishdan soqit qildi. Mamlakat bugun o’z yo’lini topishga, jahon sahnasida avvalgi obro’-nufuzini tiklashga urinmoqda.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Jeyms Shlezinger deydi-ki, Qo’shma Shtatlar shu paytgacha Rossiya manfaatlari bilan hisoblashmay kelgani rost. “Biroq Rossiya so’nggi paytlarda ochiq zo’ravonlikka berilar ekan, ular bilan do’stlik haqida gaplashib bo’larkanmi?”

Jeyms Shlezinger tilga olayotgan Rossiyaning Gruziyaga hujumi Vashington-Kreml aloqalarini tamoman izdan chiqargan. Ma’lumki, gruzin armiyasi bo’lginchi hudud – Janubiy Osetiya poyxatini nazorat ostiga olishga uringanida, Rossiya o’z fuqarolarini himoya qilish uchun mintaqaga qo’shin kiritgan edi. Gruziya suverenitetini quvvatlagan Bush ma’muriyati Kremlning bu harakatini qattiq qoralagan.

Rossiya qo’shnilari Ukraina va Gruziyaning NATO tashkilotiga kirishiga ham qarshi. AQSh esa bu davlatlar bilan yaqin aloqada va yaqinda ular bilan strategik hamkorlik to’g’risida kelishuv imzolagan.

Orani buzgan yana bir masala AQShning Yevropada yangi mudofaa tizimlari o’rnatish niyatidir. Rossiya buni o’ziga xavf deb biladi. Tahlilchilar fikricha Amerikaning yangi rahbariyati bu rejadan qaytishi mumkin. Barak Obama avval bu mudofaa sistemasini sinab ko’rish kerak demoqda.

AQSh sobiq tashqi ishlar vaziri Lorens Iglberger masalaga kengroq qaraylik deydi. “AQSh Rossiyaga chegaradosh davlatlar bilan ittifoqchilik rishtalari o’rnatib, buning ustiga Polsha va Chexiyada ballistik raketalarini joylashtirmoqchi bo’lsa, Rossiya bu uni yakkalashga urinish deb qabul qilishi tabiiy”, - deya tushuntiradi sobiq vazir.

Ammo o’rtadagi taranglikka qaramay, Vashington va Moskva terrorizm, energetika va atom qurollari tarqalishining oldini olish kabi, har ikki tomon uchun muhim sohalarda hamkorlik qiladi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan keksa arboblar Obamaning “do’st va dushman bilan birdek gaplashishga tayyorman” degan so’zlaridan ruhlanganini aytadi.

“Hatto yadro mojarosi chiqqan 1960-yillarda Sovet Ittifoqi va AQSh bir-biri bilan gaplashibgina muammo hal etilgan”, - deydi general Brent Skovkroft.

Barak Obama prezidentligining ilk oylarida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashishi mumkin.

XS
SM
MD
LG