Breaking News

NATO va Rossiya zamon haqida turlicha fikrda


NATO, Shimoliy Atlantika ittifoqi davlatlari Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash umidida.

Lekin ayrim mutaxassislar masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoq lozim degan fikrda.

NATO rasmiylari nazarida “Rossiya global siyosiy o’yinchi va u bilan gaplashmasdan iloj yo’q”.

NATO-Rossiya Kengashi 2002 yilda tashkil etilgan bo’lib, Sovuq Urush davrida bir-biriga g’anim bo’lgan tomonlarni yaqinlashtirishni maqsad qilgan edi.

Terrorizm va yadroviy qurollarni tarqatmaslik kabi o’zaro manfaatli yo’nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish hamda va mudofaa sohasidagi bahs-tortishuvlarni hal etishda kengashning o’rni muhim.

Biroq o’tgan yili Rossiya Gruziyaga hujum qilgach kengash faoliyati to’xtagan. NATO o’shanda Kremlni ortiqcha kuch ishlatganlikda ayblagan. Rossiya qo’shinlari Gruziyani butunlay tark etmaguncha aloqalar muzlatilgan edi.

Bugun harbiy blok Rossiya bilan muloqotni jonlantirish niyatida. Sabab oddiy, deydi NATO rahbari Yap de Xup Sxeffer.

“Rossiya xalqaro sahnada muhim davlat, global o’yinchi. Muloqot qilmay bo’lmaydi”, - deydi Sxeffer.

NATO sammitida ilk bor ishtirok etgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham shu fikrda.

“G’arb va Rossiya o’rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud. Lekin hamkorlikdan boshqa yo’l yo’q. Manfaat va qarashlar to’qnash kelgan hollarda ham konstruktiv dialog olib borishimiz kerak”, - deydi Xillari Klinton.

Tahlilchi Jeyson Layl nazarida esa Rossiya hamkorlik maqsadidan yiroq. Kreml Gruziya bilan sulh shartlarini buzib, Abxaziya va Janubiy Osetiyada yaxshiroq o’rnashib olish, harbiy bazalarini kengaytirish harakatida”,- deydi u.

Boshqa bir mutaxassis, Shon Key deydiki, NATOning 26 a’zosi orasida Rossiyaga nisbatan munosabat turlicha.

Hamkorlik taklifi, deydi Shon Key, asosan Germaniya va Fransiyadan chiqqan. Ular arazni bas qilib, Kremlni jazolash uzoqqa bormasligini aytmoqda.

“Rossiya bilan harbiy hamkorlikni tiklashga alyansning Sharqiy Yevropadagi a’zolari qarshi”,- deydi siyosatshunos.

Olim Jeyson Layl fikricha hozircha Rossiyadan yuz o’girmaylik deb chiqayotgan davlatlar qo’li baland kelmoqda.

“Yevropa neft va gaz ta’minoti uzilmasin desa Kreml bilan aloqada bo’lib turgani ma’qul”,- deydi u.

Yana bir muhim omil - Obama ma’muriyatining Moskva bilan munosabatlarni yangilash istagidir.

AQShning Rossiyaga nisbatan siyosatini o’rganuvchi komissiya a’zolari o’tgan hafta Moskvada prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashib qaytdi.

Tajribali diplomat va qonunchilardan iborat bu guruh prezident Obamaga xalqaro masalalarda Rossiya bilan yaqinroq ishlashni tavsiya etmoqda.

Robert Xanter, AQShning NATOdagi sobiq elchisi nazarida Rossiyaga nisbatan ishonch yo’q va uni tiklash uchun Kreml Kavkazdagi kabi bosqinchlik siyosatidan voz kechishi lozim.

Aks holda, deydi u, bugungi diplomatik harakatlar samara bermaydi.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG