Gruziyadagi xalqaro kuzatuvchilar missiyasini uzaytirish yuzasidan muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Rossiya nazarida missiya muhlati iyun oyida yakunlangach, kuzatuvchilar hududni tark etishi lozim.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgan Gretsiya hamda Qo’shma Shtatlar Kremlni murosaga chaqirmoqda.
Gretsiya ilgari surayotgan rejaga ko’ra, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari Gruziya bo’ylab, jumladan uning bo’lginchi hududlari - Janubiy Osetiya va Abxaziyada ham erkin harakatlana olishi kerak.
Rossiya o’tgan yili bu ikki hududni mustaqil deb tan olgan edi. Shunday ekan, Kreml kuzatuvchilar missiyasini ikkiga bo’lib, Gruziya va Janubiy Osetiyada joylashtirish taklifi bilan chiqqan. Gruziyani yaxlit deb ko’ruvchi G’arb davlatlari esa ushbu yondashuvni rad etadi.
“Qo’shma Shtatlar Rossiya pozitsiyasidan afsusda. Venada o’tgan muzokarada Gretsiya hamda Gruziya diplomatlari masalaga konstruktiv, neytral yechim taklif qildi”, - deydi AQSh Davlat departamenti vakili Ayan Kelli.
Yevropaning Rossiyadan tashqari hech bir mamlakati Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil deb ko’rmaydi. Rossiya diplomatlari nazarida G’arb yangi xalqaro va yuridik me’yor-talablarni tan olishi kerak.
“AQSh Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini to’la qo’llab-quvvatlaydi. Rossiya Gretsiya taklif qilayotgan neytral rejani qabul qiladi degan umiddamiz”, -deydi AQSh rasmiysi Ayan Kelli.