Breaking News

Rossiya Yevropa xavfsizligi borasida Obama bilan kelishadi


Rossiya AQShning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish borasidagi yangi taklifini rad etdi. Kreml nazarida Yevropada o’rnatilishi rejalanayotgan har qanday harbiy tizim unga qarshi qaratilgan.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Chexiya va Polshada o’rnatilishi rejalangan raketaga qarshi mudofaa tizimi Eron kabi tajovuzkor davlatlarga qarshi qaratilgan. Rossiya bu tizimni bevosita kuzatish va tekshirish huquqiga ega bo’ladi, deydi Qo’shma Shtatlar.

Biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov taklif Moskva talablariga umuman javob bermasligini aytib, bu boradagi muzokaralarni Barak Obama ma’muriyati bilan davom ettirilishini bildirmoqda.

Davlat departamenti so’zlovchisi Robert Vud Rossiya masala bo’yicha jiddiy muzokaralarga tayyor bo’lsa, taklifimizdan cho’chimasligi lozim deydi.

"Rossiya mazkur mudofaa tizimi borasida muzokara olib bormoqchi ekaniga shubhamiz bor. Har qanday yangi taklif bilan chiqmaylik, Moskva uni rad etmoqda. Tizim Rossiyaga qarshi qaratilmagan va bu borada ularni hamkorlikka chaqiryapmiz", - deydi Vud.

Yangi saylangan prezident Barak Obama Bush ma’muriyati olg’a surgan tizim tarafdori emas. O’tgan hafta Obama Polsha prezidenti Lex Kachinskiy bilan telefon orqali muloqot qilgan, ammo tizim o’rnatilishi borasida hech qanday va’da bermagan.

Shu o’rinda Ukraina NATOdan a’zo mamlakatlar dasturlarida ishtirok etishni so’ramoqda. Bu harakat Rossiyaning jig’iga tegishi aniq bo’lsada, rasmiy Kiyev Shimoliy Alyans tarkibiga kirish shashtidan qaytmasligini aytgan.

Parlament va xalq orasida bu harakatga qarshilar ko’pchilikni tashkil etsada, prezident Yushchenko ma’muriyati qarorida qat’iy ekanini aytmoqda.

Ukraina parlamenti a’zosi Dmitro Tabachnikka ko’ra, dunyo bo’ylab kuzatilayotgan moliyaviy tanazzul paytida mamlakat harbiy salohiyatni emas, iqtisodiy barqarorlikni tanlashi lozim. Shu sabab NATOdan ko’ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishni birlamchi maqsad qilish kerak, deydi siyosatchi.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin shu yil fevral oyida qilgan bayonotida, Ukrainada NATO raketalari o’rnatiladigan bo’lsa, Rossiya raketalari Ukrainaga qarshi yo’naltirilishini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG