Breaking News

Rossiya Sevastopol harbiy bazasidan ketmoqchi emas, Ukraina qarshi


Avgust oyida Rossiya Gruziyaga qarshi urushda Qora dengiz flotini ishga solgani Ukraina noroziligiga sabab bo’lgan edi.

Ukraina va Rossiya o’rtasidagi do’stlik va hamkorlik to’g’risidagi shartnomaga muvofiq, Rossiya Sevastopoldagi harbiy dengiz bazasidan foydalanish uchun Ukrainaga haq to’laydi.

Ammo rasmiy Kiyev ijara muddati 2017 yilda nihoyasiga yetgach uni uzaytirmoqchi emas.

Bu o’z navbatida Kreml bilan aloqalarni taranglashtirgan.

Ukraina Sevastopoldagi Qora dengiz floti va harbiy bazalari uchun Rossiyadan deyarli 100 million dollar miqdorda ijara haqi oladi.

O’rtada 2017 yilga qadar kelishuv imzolangan. So’ng shartnoma uzaytirilishi yoki Rossiya qo’shinlarini olib chiqishi kerak.

Ammo Ukrainaning G’arbga moyil prezidenti Viktor Yushenko kelishuvni yangilamoqchi emas. Rossiya ham harbiy kontingentini ko’chirishga tayyorgarlik ko’rayotgani yo’q.

Tahlilchi Sergey Kulyk deydi-ki Sevastopol geografik joylashuvi hamda kemalar qatnovi uchun qulayligi bilan ajralib turadi.

Qora dengiz flotini siyosiy bosim va ta’sir vositasi deb ko’rish kerak.

Ana shu nuqtai nazardan Rossiya uchun uning Qrimda, Ukraina hududida joylashgani ma’qulroq.

Sergey Kulyk ta’biricha uzoq tarixga ega Sevastopol shahrini aslida ruslar qurgani va urush yillarida uning himoyasida turgani haqidagi da’volarda jon bor. Ammo deya qayd etadi u, Sevastopol uchun turli millat vakillari mardonavor jang qilganini ham unutmaslik kerak.

“Bugun Qrim yarim orolida ruslar ko’pchilikni tashkil etadi”, - deydi Sevastopol ma’muriyati rasmiysi Gennadiy Basov.

Dengiz floti 20 ming kishini, Ukraina fuqarolarini ish bilan ta’minlaydi. Basov fikricha rasmiy Kiyev Kavkazdagi urush chog’ida Gruziyani quvvatlab xato qildi.

Prezident Yushenko, deydi u, Rossiya bilan qarama-qarshilikka borib, Qrimni mojaro zonasiga aylantirmoqda.

Tahlilchi Valeriy Chali fikricha, Kreml Qrim yarim oroliga tajovuz qilishi ehtimoldan yiroq, lekin Ukrainaga ta’sir o’tkazishning boshqa yo’llari bor.

Gap axborot urushi haqida ketmoqda. Rossiya jumladan Qora dengiz flotining razvedka va axborot to’plash salohiyatidan unumli foydalanishi mumkin.

Qrim aholisiga Rossiya fuqaroligini taklif qilib, so’ng – Gruziyada bo’lgani kabi - ularni himoya qilayotganini ro’kach qilishi ham mumkin deydi Valeriy Chali.

Kreml buni rad etsa-da, ba’zi hisoblarga ko’ra Rossiya fuqaroligiga o’tayotgan ukrainaliklar ko’payib bormoqda. Yiliga 2 ming kishi fuqarolikni qo’lga kiritayotgani aytiladi.

Kiyev Davlat Universiteti professori Viktor Konstantinovning ta’kidlashicha, Ukrainada ko’pchilik Rossiyani tahdid deb bilmaydi, ammo har ikki davlatdan bir guruh ekstremistlar qurol ko’tarsa, o’rtada nizo chiqishi hech gap emas.

Rossiya sobiq sovet davlatlarini o’ziga qarashli deb bilib, Ukrainaning NATO harbiy blogiga qo’shilishiga keskin qarshilik bildirib keladi.

Ammo G’arb mamlakatlari Ukraina tashkilotga qo’shilishiga ishonch bildirmoqda.

AQSh rasmiylari nazarida avvalo mamlakat rahbarlari o’zaro kelishmovchiliklarni hal etib, birlashishi lozim.

XS
SM
MD
LG