Breaking News

Gruziya va Ukraina MDHdan ketmoqchi, Rossiya nima deydi?


Gruziya va Ukraina ko’p masalalarda hamfikr va hamkor. Har ikki mamlakat demokratik tuzum o’rnatishga, NATOga a’zo bo’lishga, Rossiyadan uzoqlashib G’arb bilan yaqinroq hamkorlik qilishga intiladi.

Ukraina hozirgi mojaroda ham Gruziyani qo’llab-quvvatlamoqda.

Rossiya foydalanayotgan Sevastopol bardargohining ijara muddatini tugatish ilinjida.

Shuningdek, Gruziya kabi Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligidan chiqmoqchi.

Rossiya bunga qanday javob berishi mumkin?

2007 yilda Tbilisidagi o’rta maktablardan biriga Mixaylo Xrushevskiy nomi berildi. Xrushevskiy 1917 yilda qisqa vaqt jahon yuzini ko’rgan Ukraina Xalq Respublikasi prezidenti bo’lgan.

Maktabning yangidan nomlanish marosimida Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili va Ukraina rahbari Viktor Yushchenko ishtirok etdi. Har ikki davlat arbobi hokimiyat tepasiga “rangli inqilob” nomini olgan xalq qo’zg’oloni yordamida keldi.

Kreml rangli inqiloblardan xavotirda va norozi ekanini bildirib Saakashvili bilan muomala qilishdan bosh tortib kelgan. Seshanba kuni Yushchenko Polsha, Litva, Latviya va Estoniya rahbarlari bilan birgalikda Tbilisiga borib gruzin xalqi bilan birdamligini bildirgan.

Viktor Yushchenkoning aytishicha, davlat rahbarlari begunoh odamlar va yosh respublika o’limining oldini olish uchun Gruziyaga borgan.

Ukrainalik harbiy tahlilchi Oleksiy Melnikning aytishicha, besh davlat arboblari Gruziya rahbariyatining mojaro paytida qo’llagan barcha choralarini qo’llab-quvvatlamasada, Kremlga siyosatining nojo’yaligi haqida jiddiy ishora qilgan.

Bu bilan ular Rossiyaning sobiq Sovet davlatlari va uning atrofidagi hudud ustidan nazorat o’rnatish siyosatiga ommaviy qarshiligini namoyish etdi, deydi Melnik.

Tahlilchiga ko’ra, mamlakatining NATOga a’zo bo’lishini istamagan ukrainaliklar Rossiyaning Gruziyaga qarshi harbiy yurishidan so’ng fikrini o’zgartirishi mumkin.

Tbilisidagi Yevropa integratsiya forumi raisi Soso Siskarishvilining aytishicha, NATOning a’zolik uchun demokratik talablariga Gruziyadan ko’ra Ukraina ko’proq javob beradi.

Ukrainadagi so’nggi ikki parlament saylovlari hamda Gruziyadagi parlament va prezident saylovlariga berilgan tashqi baho o’rtasida osmon bilan yercha farq bor, deydi Siskarishvili.

Rossiyalik harbiy masalalar bo’yicha tahlilchi Pavel Felgenxauer fikricha, Ukraina Kremlning Rossiya buyukligini tiklash bo’yicha rejasining navbatdagi qurboni bo’lishi mumkin.

Rossiya Ukrainaning yarmini qo’shib olishni istaydi. Vladimir Putin bu haqda aprel oyida Buxarestdagi NATO sammitida aytgan. “Ukraina ikki qismga bo’linadi va biz uning sharqiy qismini, jumladan Qrimni, olmoqchimiz” degan.

Felgenxauerning aytishicha, Rossiya Qrimni Ukraina hududi deb hisoblamaydi. Rossiya Sevastopolni Ukrainadan ijaraga olgan va u yerda Qora dengiz flotini saqlaydi.

Agar Rossiya Ukraina suverenitetiga ochiqchasiga tahdid solsa, rasmiy Kiyev G’arbdan yordam so’raydi. Buning uchun Rossiya kuch ishlatishi shart emas. Ukraina hozirdanoq tashqi kuchlarga Rossiyani tahdid qilib ko’rsatmoqchi, deydi u.

Felgenxauer nazarida Kremldagilar Sovuq Urushi davrida bo’lgani kabi dunyoni ikkiga bo’lmoqchi: AQSh va Rossiya manfaati zonalariga. Rossiya harbiylarini va qurollarini Kuba va Vyetnamdan chiqarganida AQSh ham Rossiya atrofidagi davlatlarga burnini suqmaydi deb o’ylagan. Ammo Oq Uy Rossiyaga qo’shni davlatlarda rangli inqiloblarni qo’llab-quvvatlay boshlagach, rasmiy Moskva o’zini aldangan deb his qildi, deydi Pavel Felgenxauer.

Shu bilan birga, deydi gruziyalik mutaxassis Soso Siskarishvili, Rossiyaga chegaradosh besh davlat rahbarlarining shu hafta Tbilisiga borishi Kreml siyosati o’zgarmaganidan va unga ishonib bo’lmasligidan dalolatdir.

XS
SM
MD
LG