Ukraina Rossiyaning qator siyosatchilari tomonidan qilingan bayonotlarga norozilik bildirmoqda. Rasmiy Kiyev bunday chiqishlarni Ukraina xavfsizligi va mustaqilligiga tahdid deb bilmoqda.
Ukrainaning NATOga a’zo bo’lish ehtimolidan cho’chigan rossiyalik siyosatchilar, diplomatlar va harbiylar nafaqat Ukraina, balki AQShni ham xavotirga solayotgan bayonotlar bilan chiqmoqda.
Ana shunday bayonotlardan birining muallifi Rossiya Qurolli Kuchlar Bosh shtabi qo’mondoni general Yuriy Baluyevskiy.
Uning aytishicha, Rossiya o’z chegarasi atrofidagi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralar ko’radi. Nafaqat harbiy, balki boshqa choralar ham.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Exo Moskvy radiostansiyasiga aytishicha, Rossiya Ukraina va Gruziyani NATOga a’zolikdan qaytarish uchun hech narsadan toymaydi.
Moskva shahar meri Yuriy Lujkov Ukraina bilan mavjud Do’stlik va hamkorlik bitimini bekor qilishga va Rossiyaning Qrim yarim oroliga da’vosini qayta ko’rib chiqishga chaqirgan.
Fevral oyida prezident Putin “agar NATO o’z raketalarini Ukrainaga joylashtirsa, unga qarshi yadro qurollarimizni qaratamiz” deya do’q-po’pisa qilgan.
Kremlga yaqin tahlilchi Vyacheslav Nikonovning Amerika Ovoziga aytishicha, Rossiyadan chiqayotgan bayonotlar G’arbda noto’g’ri talqin etilmoqda.
"Putin Rossiya o’z yadro qurollarini Ukraina NATOga qo’shilsa emas, NATO o’z raketalarini Ukraina hududiga joylashtirsa qaratishini aytgan", deydi Nikonov.
Rasmiy Kiyev nazarida Kreml Ukraina ichki ishlariga aralashmoqda. Ukraina Strategik izlanishlar instituti xodimi Vasil Yablonskiyning radiomizga aytishicha, Rossiya ish yuritishning yevropacha usulini haligacha o’zlashtirmagan, fikrlashi esa chor Rossiyasiga xos.
"Rasmiy Moskva," deydi Yablonskiy, "Sovet Ittifoqi hududida tarkib topgan davlatlarni hali ham o’ziga qarashli deb o’ylab, hududda hech bir qaror uning ruxsatisiz qabul qilinmasligini esga solib turadi."
Kiyevlik mutaxassis fikricha, Rossiya bunday munosabat bilan Ukrainaga psixologik ta’sir o’tkazib uni NATOga a’zolikdan qaytarmoqchi, ammo bu aksincha Ukraina xalqini jipslashtirishini payqamayapti.
Tahlilchi Vyacheslav Nikonov Rossiya Ukraina bilan mojaro boshlamoqchi emas, chunki bu Rossiyaning o’ziga ham zarar deydi.
Uning aytishicha, Rossiya Ukrainani hech bir blokka qo’shilmagan suveren, mustaqil davlat sifatida ko’rmoqchi.