AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Gruziya o’tgan avgust oyida Janubiy Osetiyaga hujum qilib xatoga yo’l qo’ygan, biroq bu Rossiyaning Gruziyaga qarshi keng-ko’lamli harbiy operatsiyasini oqlamaydi.
AQSh rasmiylari fikricha Gruziya harbiylari Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvalini o’qqa tutgani xato bo’lgani ayon, ammo urushni boshlaganlik aybi kimda bo’lganini aniq aytish qiyin.
Muhimi, deydi ular, Gruziya va Rossiya sulh bitimiga to’liq amal qilishi va mintaqada tinchlikni ta’minlash zarur.
Mutaxassislar nazarida bu AQSh Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligining Gruziya-Rossiya urushi masalasida qilgan ilk ochiq-oshkora bayonotidir.
Harbiy kuzatuvchilarning Nyu-York Tayms gazetasida chop etilgan xulosasiga ko’ra, Gruziya kuchlari 7 avgust tongda Tsxinvali shahrini ayovsiz o’qqa tutgan. Rossiya tinchlikparvar kuchlari, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining kuzatuvchilari, qolaversa oddiy aholi hayoti xavf ostiga qo’yilgan.
Shunday ekan, Gruziyaning o’z-o’zini mudofaa qilgani va faqatgina jangarilarni nishonga olgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to’g’ri kelmaydi.
AQSh Davlat departmenti rasmiysi Robert Vud mojaro qisman Gruziyaning aybi bilan boshlanganini tan olar ekan, shu bilan birga Rossiya Gruziyaga qarshi ortiqcha kuch ishlatganini ta’kidlab o’tgan.
“Hozirgi vazifa Gruziyani oyoqqa turg’izish, mintaqada tinchlik davomiy bo’lishini ta’minlashdir. AQSh butun e’tiborni shunga qaratmoqda”, - deydi rasmiy.