Breaking News

Janubiy Osetiya aholisi gumanitar yordamga muhtoj


Janubiy Osetiya va Abxaziyada tinchlikni mustahkamlash bo’yicha xalqaro muzokaralar davom etmoqda. Rossiya va Gruziya vakillari Jenevada uchrashib, bu ikki mintaqada xavfsizlik va qochqinlar ahvolini muhokama qilgan.

BMT, Yevropa Ittifoqi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vositachiligida o’tkazilgan muzokaralarda hech qanday bitim imzolanmagan bo’lsa-da, sermahsul deya ta’riflanmoqda.

Guvohlar va huquq tashkilotlariga ko’ra avgust oyida Rossiya va Gruziya o’rtasidagi besh kunlik urush ketidan Janubiy Osetiyada ahvol ancha og’irlashgan. Ammo mintaqaga xalqaro kuzatuvchilar kiritilmayapti.

Yevropa Ittifoqining Gruziya bo’yicha maxsus vakili Piyer Morrelning aytishicha uyiga qaytayotgan qochqinlar va boshpanasiz qolgan odamlarga sharoit yaratish zarur.

“Rossiya va Gruziya hukumatlari ham shu fikrda”, - deydi Yevropa elchisi. “Jenevadagi uchrashuvda tomonlar aholiga tabiiy gaz yetkazish hamda reabilitatsion dasturlarni davom ettirishga kelishib oldi”.

BMT kuzatuvchilar missiyasi rahbari Johan Verbeke fikricha Moskva va Tbilisi hamjihatlikda ish yuritsa qator ishlarni amalga oshirishi mumkin. Verbeke jumladan noxush voqealarning oldini olish va hal etish mexanizmini ishlab chiqish lozim deydi.

AQSh Davlat kotibi muovini Daniel Frid Janubiy Osetiyada vaziyat xavfli, Rossiya va Gruziya vaqtni boy bermasdan kelishuv imzolab, unga amal qilishi shart demoqda.

“AQSh va Rossiya mojaro qanday boshlangani va Gruziya hududlarining mustaqil deb tan olingani yuzasidan turlicha fikrda, biroq birga ishlay oladi”, - deydi AQSh rasmiysi.

XS
SM
MD
LG