Breaking News

Atirgul inqilobidan olti yil o'tib, Gruziyada bugun ahvol qanday?


Aksariyat tahlilchilar fikricha, Gruziyada bundan 6 yil avval Atirgul inqilobi natijasida hokimiyatga kelgan Mixail Saakashvili bugungi kungacha xalq ishonchini oqlay olgani yo’q. O’shanda 96 foiz ovoz olgan yosh siyosatchi o’tgan yili arang 53 foiz bilan prezidentlikka qayta saylandi.

So’nggi bir necha yil ichida Mixail Saakashvilining xalq orasidagi reytingi tushib ketgani inqilob va’da qilgan islohotlar amalga oshmagani bilan izohlanadi. Tahlilchi Oksana Antonenko fikricha, bu vaqt ichida Gruziyada prezidentga bas kela oladigan jiddiy muxolifat shakllanmadi.

“Saakashvili o’shanda, shubhasiz, Atirgul inqilobining yetakchisi sifatida shuhrat cho’qqisida edi. Ammo vaqt o’tgan sari uning xalqqa javobgarlik hissi so’nib, atrofiga o’ziga sodiq odamlarni to’plab, muxolifat ishtirokisiz ish yuritishga o’tib oldi. Bu esa Gruziyani samarali boshqaruvdan ayirdi”, - deydi Antonenko.

Aksariyat ekspertlar Gruziyadagi hozirgi siyosiy tuzumni haqiqiy demokratiya deb ko’rmaydi. Prezident vakolatlari kuchaytirilgan.

“Saakashvilining yirik yutug’i bu korrupsiyaga qarshi kurash bo’ldi”, - deydi siyosatshunos olim Ronald Sani. “U poraxo’r rahbarlarni ishdan olib, politsiya safini tozaladi. Shu bilan birga safdoshlarini mensimay, ularga qo’pol muomala qilib, ko’pini muxolifatga boy berdi”.

2007 yilning noyabrida Tbilisida ko’chalarida ommaviy namoyishlarning kuch bilan bostirilgani, ularni tarqatish uchun politsiya safarbar etilgani Gruziya hukumatining demokratik ruhini shubha ostiga qo’ydi. Bu Saakashvili rahbarligining eng past nuqtasi deb tilga olinadi.

O’tgan yilgi Rossiya-Gruziya urushida ko’pchilik Mixail Saakashvilini ayblaydi. Urush uning bemulohaza, oqibatni o’ylamay qilgan qarori mahsuli deb talqin qilinadi.

“Gruziya bunday urushga tayyor emas edi”, - deydi Stiven Jouns. “Urush ketidan xorjiy sarmoya kamayib, mamlakat iqtisodiyoti jiddiy zarar ko’rdi. Saakashvili sharmanda bo’ldi. Gruziya uning yetakchiligida taraqqiyot sari qadam tashlamoqda degan gaplarga hech kim ishonmay qo’ydi”, - deydi mutaxassis.

Urush natijasi shuki, hozirda Gruziyaning bo’lginchi hududlari – Abxaziya va Osetiya tamoman Rossiya harbiylari nazorati ostida. Kreml har ikkisini mustaqil o’lka deb tan olgan.

Rasmiy Tbilisi 2007 yilgi xatolaridan saboq olib, joriy yilning aprel-may oylarida prezident iste’fosini talab qilib chiqqan namoyishlarga ruxsat berdi. Olim Ronald Sani fikricha, davlat to’ntarishi har doim ham kutilgan natijani beravermaydi.

“Hokimiyatning inqilob ta’sirida o’zgarishi xavfli, chunki qonuniy, konstitutsiyaviy jarayonga qaytish qiyin bo’ladi. Gruziyaning mustaqillikdan keyin saylangan ilk prezidenti Zviad Gamsaxurdiya fuqaro urushi natijasida ishdan ketgan, so’ngra Eduard Shevardnadze inqilob natijasida lavozimni tark etdi. Endi esa Saaakshvilini ham hokimiyatdan kuch bilan ag’darish harakatlari bo’lyapti”, - deydi Ronald Sani.

Buni bartaraf etish uchun, deydi mutaxassislar, Gruziya rahbari muxolifat bilan til topishishi, muammolarni bamaslahat hal etish yo’lini tanlashi kerak. Aks holda, namoyishlar davom etishi muqarrar.

XS
SM
MD
LG