Breaking News

Tahlilchilar: MDHda "Janubiy Osetiya" va "Abxaziya"lar ko'p


Siyosatdonlar nazarida Rossiya-Gruziya urushidan keyin Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligida yuzaga kelgan vaziyat o’zaro rishtalarni qayta ko’rib chiqishni taqozo etmoqda.

MDH doirasida Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi bo’yicha biror munosabat bildirilmagan bo’lsada, sobiq ittifoq davlatlari ikki tomonlama aloqalarda bu borada aniq bir pozitsiya bor ekaniga ishora qilmoqda.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning Ozarbayjonga rasmiy tashrifida Rossiya-Gruziya urushi, Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi masalasi konkret muhokama qilingani haqida ma`lumotlar yo'q. Davlat rahbarlari ayirmachilik harakatlari va, umuman, Kavkazdagi vaziyat yuzasidan gaplashgan.

O`zbekiston prezidenti Armaniston va Ozarbayjon o`rtasidagi talash hudud - Tog`li Qorabog` borasida o'z pozitsiyasini ma`lum qilgan.

Islom Karimov mojaro muzokaralar bilan hal etilishi lozimligini ta`kidlar ekan, O`zbekiston Ozarbayjonni to'liq qo`llab-quvvatlashini aytgan.

Aksariyat aholisi arman, ammo qonunan Ozarbayjon hududi hisoblanmish, biroq o’zini alohida respublika deb biladigan Tog’li Qorabog’ Kavkazning qaltis, notinch nuqtalaridan biridir. 1991 yilning 10 dekabrida Tog’li Qorabog’ o’zini mustaqil deb e’lon qilgach, hududda urush boshlangan va ozarlar mintaqadan bosh olib ketgan. 1994 yil 5 mayda Ozarbayjon, Tog’li Qorabog’ va Armaniston orasida tinchlik bitimi imzolangan.

Bu ixtilofning barham topishi yohud keskinlashishida Rossiyaning o`rni muhim ekani ta`kidlanadi.

“Tezkor Guruh” tahlil markazi sharhlovchilaridan biri Shuhrat G`aniyev fikricha Ozarbayjon va O`zbekistonda Kavkazdagi so'nggi mojaro xavotir bilan qabul qilingan.

“Qisqa qilib aytganda, sobiq ittifoqdagi har bir davlatda o`zining “Janubiy Osetiyasi” va “Abxaziyasi” bor. Bu davlatlar o`ta ehtiyotkorlik bilan diplomatiya olib borishi kerak. Chunki Rossiya Gruziyadagi harakati bilan o`zi uchun chegaralar va xalqaro hamkorlik yo`qligini ko`rsatdi. Bu, albatta, O`zbekistonga ham tegishli, bizda ham muxtor respublika bor. Ozarbayjon uchun esa, ayniqsa, muhim. Qozog`istonnngi shimoliy hududida esa rus diasporalari juda katta”, - deydi G`aniyev.

O`zbekiston mustaqil ravishda Rossiya-Gruziya urushiga rasmiy munosabat bildirmasa-da, bunday pozitsiya avval Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida, keyinchalik Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti tarkibida ayon bo'ldi.

Sharhlovchilar nazarida Kavkaz urushi O`zbekistonga ham bevosita ta`sir qilgan. Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov fikricha mustaqillikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosat avvalo mintaqa davlatlarining birlashishidan boshlanishi kerak.

“Agar kimdir Checheniston mustaqilligini tan olsa, kimdir Kurdiston mustaqilligini tan olsa, dunyoda nimalar bo`lishini tasavvur qiling. Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olib qaltis harakat qildi. Mintaqa hozir juda murakkab geosiyosiy vaziyatda. Mustaqillikni himoya qilish, mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday vaziyatda mintaqa davlatlari birlashishi, tarqalib ketgan mintaqaviy tashkilotini tiklash bilan o`z jipsligini namoyish etishi zarur”, - deydi Tolipov.

Kavkaz urushidan keyin O'zbekiston tashqi dunyo bilan munosabatlarini jadallashtira boshladi.

O`zbekiston mudofaa vazirligida AQSh markaziy qo`mondonligi vakili general-leytenant Martin Dempsi, Germaniya Mudofaa vaziri Frans-Yozef Yung bilan muzokaralar o`tdi.

G`arb-O`zbekiston munosabatlari tiklanishida muhim bo’lgan masala - Yevropa Ittifoqining Andijon fojealaridan keyin rasmiy Toshkentga joriy etgan sanksiyalari yaqinda yana qayta ko'rib chiqiladi.

Sanksiyalar, deydi Yevropa rasmiylari, O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yaxshilanmas ekan, o'z kuchida qolishi mumkin.

XS
SM
MD
LG