Breaking News

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi yana bir sammit arafasida


9 oktyabr kuni Moldovada Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining navbatdagi sammiti boshlanadi. Rahbarlar moliyaviy inqiroz oqibatlariga qarshi kurash xususida gaplashishi kutilmoqda.

Sharhlovchilar nazarida krizisdan chiqish uchun a’zo davlatlarda Kreml yordamiga umid tobora yo’qolib bormoqda. Hamdo’stlik, deydi mutaxassislar, Kremlning siyosiy ambitsiyalaridan charchagan.

Moldovada MDH sammiti boshlangan kun Ashxabodda Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari uchrashadi. Sharhlovchilar nazarida mintaqa davlatlari o`zaro hamkorlik uchrashuvini MDH darajasidagi sammitdan ustun ko`rayotgani e’tiborga molik.

“MDH inqirozga yuz tutgan tashkilot. Uni sammitida ishtirok etish shunchaki yaxshi niyat va ko`proq Rossiyaga xayrixohlik tufayli amalga oshayotgan edi. Chunki bu tashkilotni ushlab turishdan faqat Rossiya manfaatdor”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

MDH sammitida Qozog`iston, Tojikiston bosh vazirlari, Turkmaniston bosh vaziri o`rinbosari, O`zbekistonning Moldovadagi elchisi qatnashishi aytilmoqda.

Sammitda 20 dan ortiq hujjat muhokama qilinadi. Aksariyat hujjatlar moliyaviy inqiroz oqibatlariga qarshi kurashda hamkorlik qilishga qaratilgan. MDH a`zolarida bu borada tashkilot yetakchisi Rossiyadan ko`makka umid tobora so`nib bormoqda.

“Bu borada Rossiya qanday yordam berishi mumkin, moliyaviy inqirozdan eng ko`p aziyat chekkan davlatlardan biri o`zi bo`lsa! Shuning uchun bu yerda inqirozdan qanday qutulish masalasi emas, balki MDH doirasidagi choralardan yordam bo`lishi qiyinligi muhokama qilinishi mumkin. Moliyaviy inqiroz deganda birinchi galda rivojlangan qudratli davlatlar siyosatini kuzatishimiz kerak. Inqiroz boshlanishi ham, boshqaruvi ham G`arb davlatlariga taqaladi, ular ishtirokisiz qanday samarali choralar ko`rish mumkin?” - deydi Farhod Tolipov.

Rossiya O`zbekiston aloqalari ham bir qadar sovuqlashgan, ayniqsa, Kreml mintaqa suv taqsimoti muammosida ishtirok eta boshlagach. Rossiya va`da qilingan sarmoyalar ham oqlanmagan. Rossiyaning MDH a`zolari bilan aloqalari bir qadar tarang. Sammit arafasida Belarus va Rossiya o`rtasidagi munosabatlar yana taranglashdi.

Kreml Belarusga va`da qilgan sarmoyalarini paysalga solmoqda. Rossiya Belarusdan Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olish qarorini kutmoqda.

Qig'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning sammitdagi ishtiroki ham asosan Kreml va`da qilgan sarmoyalar bilan bog`liq. 7 oktyabr kuni Rossiya delegatsiyasi Bishkekda qo`shimcha harbiy baza masalasini, Qambarota GESi uchun mablag` ajaratish rejasini muhokama qilgan. Sharhlovchilarning aytishicha, mintaqa davlatlari Kreml qo`lida geosiyosiy ustunlikni ta`minlash vositasi bo`lib qolmoqda.

“Rossiya Markaziy Osiyoni qo`lga kiritish harakatida, mintaqadagi ko`plab voqealar Rossiya idoralari ishtirokida yuz bermoqda. Qozog`iston va Qirg`izistonda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat bir-ikki yil avvalgiga nisbatan ancha yomonlashdi. Bu Rossiyaga yaqinlashgan sari bo`lmoqda”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Gruziya va Rossiya o`rtasidagi urush, Abxaziya va Janubiy Osetiyaning Kreml tomonidan mustaqil deb tan olinishi MDH aloqalarini ancha murakkablashtirgan.
Ushbu voqealardan so`ng Gruziya MDHni rasman tark etdi.

Sharhlovchilarning aytishicha, Moldova Rossiya o`z geosiyosiy ambitsiyalarini harbiy kuch yordamida amalga oshirishi mumkin bo`lgan hududlardan biri.

Bu ehtimol MDH davlatlarini hushyor tortirayotgan bo`lishi mumkin. Moldovada saylovlar natijasida kommunistlar o`rniga Yevropa bilan integratsiyaga intilayotgan demokratlar hokimiyatga keldi. Moldova prezident saylovi arafasida turibdi.

XS
SM
MD
LG