Bugun Tojikistonda Mustaqil davlatlar hamdo’stligi tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig’ilishi ish boshladi. Poytaxt Dushanbega hamdo’stlik prezidentlari ham tashrif buyumoqda. Ertaga poytaxtda Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati Kengashining yig’ilishi, indinga esa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo davlatlar rahbarlari uchrashuvi rejalangan. Mintaqaviy hamkorlik bobida yuqorida nomi tilga olingan tashkilotlarning o’rni qanday?
Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari MDH, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi, Shanhay Hamkorlik Tashkiloti kabi uyushmalarning mintaqa rivojida hissasi ulkan ekanini muntazam ta’kidlab kelgan.
An’anaga aylangan bu uchrashuvlarda hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha ikki tomonlama, ko’p tomonlama o’nlab shartnomalar imzolanadi, AQSh va Yevropaning sobiq sovet davlatlariga nisbatan siyosati tanqid qilinadi.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja tashkilotga a’zo davlatlar mintaqaviy hamkorlik bilangina cheklanmay, Afg’onistonga ham yordam ko’rsatishi zarur degan fikrda.
“Tashkilot doirasida Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish haqida qaror bor. Bu borada 3 yil davomida ish olib borildi. Afg’onistonga harbiy ko’mak ko’rsatmasak ham iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda yordam berishimiz, mustaqil davlatga qonunchilik bazasini yaratishda hissa qo’shishimiz zarur”, - deydi u.
Shuningdek, mintaqa davlatlari Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasida tinchlikparvar qo’shin tuzish, harbiy aloqalarni kuchaytirish, imtiyozlar asosida Rossiyadan texnika va qurol-yarog’ sotib olish borasida kelishuvga erishgan.
Kuzatuvchilar amalda bu kabi kelishuvlar samara bermayotganini ta’kidlaydi. Masalan, harbiy hamkorlik doirasida Qirg’izistonni texnika va jihozlar bilan Rossiya emas, AQSh, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda Turkiya beg’araz yordam sifatida ta’minlamoqda.
Yaqinda Bishkekda o’tgan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakillariga boshchilik qilgan Adrian van der Meerningning ma’lum qilishicha, G’arb davlatlari mintaqa davlatlari chegaralari boshqaruvini ta’minlash uchun mablag’ ajratishi mumkin.
“Biz chegaralarni boshqarishni takomillashtirish uchun 15 million yevro, chegarada narkotiklarga qarshi kurash uchun 12 million yevro ajratmoqchimiz”, - deydi rasmiy.
Ma’lumotlarga ko’ra, 2012 yilgacha bu mablag’ning 19 million yevrosi mintaqa davlatlariga beriladi. Shuningdek, G’arb Markaziy Osiyo yo’lagini rivojlantirish maqsadida Turkmaniston, O’zbekiston va Qozog’iston orqali Kaspiy dengiziga qadar avtomagistralni qayta qurishga yordam berishini ma’lum qilgan.
Faoliyati mintaqa iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati amalda faqat yig’ilishlar va bitimlar bilan cheklanib qolayotgani kuzatiladi.
O’zbekiston tomonidan terroristik xurujlarning oldini olish maqsadida minalashtirilgan Tojikiston va Qirg’iziston chegaralaridagi bahsli hududlar masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda.
Qirg’iziston Tashqi Ishlar vazirligi rasmiysi Erik Asanaliyev fikriga ko’ra, bu mina maydonlari mintaqaning umumiy muammosidir.
Keyingi yillarda Tojikiston va Qirg’izistonning mustaqil energiyaga ega bo’lish borasidagi, O’zbekistondan tabiiy gaz kabi suv zaxiralari ham sotilishi to’g’risidagi bayonotlari o’zbek rasmiylarining keskin noroziligiga sabab bo’layapti.
Qirg’iziston Xavfsizlik Kengashining sobiq raisi Miroslav Niyozovning fikricha, MDH doirasida tuzilgan tashkilotlar muammolar majmuini hal qilishga urinsalar, samara bo’lishi mumkin.
“Shundagina muammolar hal bo’ladi. Aks holda, baribir G’arb ko’magiga muhtoj bo’lib qolaveramiz”, - deydi u.