Breaking News

Bayden: Amerika dunyo ahli bilan yangicha ruhda gaplashadi


Qo’shma Shtatlar Eron bilan bevosita muloqotga ochiq ekanini bildirmoqda.

Germaniyada o’tgan xalqaro xavfsizlik anjumanida AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Eron yuritayotgan yadro dasturini muhokama qilishga tayyormiz degan.

Rasmiy Tehron, Bayden so’zlari bilan aytganda, “noqonuniy yadroviy izlanishlarini hamda terrorizmni quvvatlashni bas qilsa, unga talay imtiyozlar taklif qilinadi”.

AQShning tashqi siyosatdagi qarash va maqsadlarini tushuntirgan ilk nutqida, vitse-prezident Jo Bayden diplomatiya va muzokarani ustun qo’yuvchi yangi ma’muriyat vakili ekanini ta’kidlagan. “Ittifoqchilarimiz bilsinki, Qo’shma Shtatlar ularga murabbiy-ustoz emas, bundan buyon maslakdosh bo’ladi”, - dedi Bayden.

Prezident Bush davrida AQSh Eronni dushman deb u bilan gaplashishdan bosh tortgan bo’lsa, Obama ma’muriyati mamlakat rahbariyati bilan to’g’ridan-to’g’ri gaplashmoqchi.

Ammo Eron ham undan nima talab qilinayotganini tan olishi, ochiq siyosatni qabul qilishi lozim. Aks holda, deydi Bayden, bosimga uchrab, yakkalanib qolaveradi.

Vashington-Tehron o’rtasidagi adovat uzoq tarixga ega bo’lsa-da, oradagi qarama-qarshilikni kuchaytirgan masala Eron yadro dasturidir. Rasmiy Tehron dastur unga iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim desa, AQSh va unga ittifoqchi davlatlar nazarida asl maqsad - yadro quroli yaratish.

“AQSh Erondan kelayotgan xavfni bartaraf etish uchun mudofaa tizimlari ustida izlanishni davom ettiradi. Biroq NATO va Rossiya bilan maslahatlashgan holda”, - deya qo’shib qo’ydi vitse-prezident.

Obama ma’muriyati uchun yana bir nozik masala bu Kreml bilan qanday til topishishdir.

“So’nggi yillarda munosabatlar tamoman izdan chiqdi va o’rtada ishonchni tiklash payti yetgan. AQSh va Rossiya o’rtasida chuqur tafovutlar mavjud, ammo manfaatlar tutashgan sohalarda birga ishlay oladi”, - deydi Jo Bayden.

Rossiya Vashingtonning murosa qilish haqidagi taklifini olqishlamoqda. Germaniyadagi xavfsizlik konferensiyasida so’zlagan bosh vazir muovini Sergey Ivanov Baydenning chiqishini “muhim ijobiy qadam” deya ta’riflagan.

XS
SM
MD
LG