Breaking News

Putin AQSh bilan munosabatlarga ijobiy ko'z bilan qaramoqda


AQShda prezidentlikka kirishayotgan Barak Obama tashqi siyosatda Rossiya bilan hisoblashib ish tutsagina, hozirgi sovuq munosabatlar o’rnini iliq, do’stona aloqalar egallashi mumkin.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin jonli efirda fuqarolar savollariga javob berar ekan, Obama ma’muriyatidan ijobiy o’zgarishlar kutayotganini aytgan.

Amerikada Barak Obamaning prezident etib saylangani bilan Vashington-Kreml aloqalari yangi tusga kiradimi? Bu mamlakat rahbarlari bilan pragmatik, konstruktiv dialog boshlaydimi? Bosh vazir Vladimir Putin bu savollarga Amerikaning yangi ma’muriyati javob bersin deydi.

“Bo’lajak prezident Barak Obamaning maslahatchilari, unga yaqin odamlardan hozircha faqat ijobiy gaplar eshityapman”, - deydi Putin. Misol tariqasida Rossiya bosh vaziri NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi ittifoqining Bryusselda kechgan majlisini keltiradi.

Unda NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, AQSh bosimiga qaramay, Ukraina va Gruziyani hozircha tashkilotga olmaslikka qaror qilgan.

“Obama maslahatchilari fikricha”, deydi Putin, “bu ikki davlatni a’zolikka olish jarayonini tezlashtirishga hojat yo’q. Buning ustiga, Rossiya bunga tamoman qarshi”.

Obamaning aytishicha esa, Ukraina va Gruziya a’zolikka tayyor bo’lgandagina NATOga kirishi mumkin.

O’rtada kuchli qarama-qarshilikka sabab bo’layotgan masalalardan biri – AQShning Polsha va Chexiyada mudofaa sistemalarini o’rnatish rejasidir. Buni o’ziga tahdid deb biluvchi Rossiya javob choralari ko’rishi haqida ogohlantirib keladi. Shu paytgacha hech bir tomonning yon bergisi yo’q.

Ammo Vladimir Putinning aytishicha AQShning bo’lajak ma’muriyati rejani qayta baholayotgani ma’lum. “Kremlga norasmiy kanallar orqali yetib kelayotgan bunday ma’lumotlar amalda ham o’z ifodasini topsa, Rossiya xuddi shu ohangda javob beradi”, - deydi u.

Obama maslahatchilariga ko’ra, yangi prezident tizimni Yevropada o’rnatish qarorini quvvatlaydi, biroq avvalo texnologiya ishonchli ekani isbotlanishi zarur.

Siyosatshunos Stefan Jouns nazarida Barak Obamaning Rossiyaga munosabati mavhum. Rossiya harbiylari Gruziyani bosib olganida, Obama tomonlarni muzokara qilishga chaqirib, mo’tadil ruhdagi bayonot bilangina cheklangan.

Kelishmovchiliklarga qaramay, AQSh va Rossiya qator sohalarda hamkorlik qilishi mumkin. Kolumbiya universiteti professori Robert Legvold terrorizmga qarshi kurash, energetika, yadro qurollari ustidan nazorat kabi sohalarni tilga oladi.

“Barak Obama ishga kirishgach, birinchi navbatda AQSh yaqin kelajakda Rossiya bilan qanday ishlarni amalga oshirmoqchi, Amerika tashqi siyosatida bu mamlakat qanday o’rin tutadi – ana shu masalalar bo’yicha aniq maqsad va rejalarni bayon qilishi zarur”, - deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG