Breaking News

AQSh Gruziya va Ukrainani NATOga olishni so'rayapti


Qo’shma Shtatlar nazarida Gruziya va Ukrainaning NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Ittifoqiga a’zolikka kirishini tezlashtirish lozim.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Yevropadagi ittifoqchilar, jumladan Fransiya va Germaniyadan NATOga kirish uchun belgilangan ayrim talab-shartlarni chetga surgan holda Gruziya va Ukrainani tashkilotga olishni so’ragan.

“New-York Times” gazetasining yozishicha Yevropa davlatlari AQShning bu kutilmagan tashabbusidan hayron. Shu yilning aprel oyida NATOning Ruminiyada o’tgan sammitida Gruziya va Ukraina hozircha a’zolik uchun tayyor emas, ammo bir kun kelib tashkilotga qo’shiladi deb xulosa qilingan edi.

AQSh qistoviga qaramasdan, deb yozadi “New-York Times” gazetasi, Rossiya bosimi ostida deb ko’rilayotgan bu ikki davlat harbiy blokka osongina kira olmaydi.

Bryusselda o’tgan yig’ilishda Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Lyuksemburg, Ispaniya hamda Italiya Gruziya va Ukrainaga qandaydir imtiyozlar berish taklifiga ko’nmagan. “Shunday ekan, NATOning bu ikki mamlakat bilan aloqalari kelajagi muhokamada”, - deydi tashkilot so’zlovchisi Jeyms Apaturay.

Shimoliy Atlantika alyansiga 26 mamlakat a’zo. Nomzod davlatdan qurolli kuchlarni isloh qilish, harbiy va no-harbiy vakolatlarni bir-biridan ajratish hamda mudofaa sohasida oshkora siyosat yuritish talab qilinadi. Gruziya va Ukraina bundan istisno emas.

XS
SM
MD
LG