Breaking News

Afg'onistonda yorug' kunlarga umid bormi?


NATO kuchlari Afg’oniston janubida Tolibonga qarshi jang qilar ekan, AQSh kelasi yil bu mamlakatdagi qo’shinlar sonini ko’paytirmoqchi. Aholi orasida chet ellik askarlarga nisbatan norozilik avj olmoqda.

Yaqinda bir gala afg’on politsiyani toshbo’ron qildi. Sabab NATOning Tolibonga qarshi hujumlarida oddiy aholi nobud bo’lgani.

G’azabga to’lgan odamlar alamni kimdan olishini bilmaydi. Harbiylar xatolarni tan oladi, ammo ularga barham berilayotgani sezilmayapti.

NATO Bosh kotibi Yap De Xup Sxeffer, shiddatli janglarda tinch aholi jabr ko’rishi tabiiy, deydi.

“Begunoh odamlar halok bo’layotgani sir emas. Urushda buning oldini olish mushkul”, - deydi Sxeffer.

Jangovar harakatlarni tahlil qilayotgan mutaxassislar fikricha NATO hujumlarni havodan olib borishga majbur, chunki piyoda askarlar yetishmaydi. AQSh armiyasida xizmat qilgan zobitlardan biri Jon Nagl boshqa chora yoq deydi.

“Afg’onistonda dushmanni yo’q qilish uchun havo hujumlari olib borish kerak. Bu eng samarali kurash yo’li. Lekin hujumda tinch aholi hayoti ham xavf ostida,” – deydi Jon Nagl.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning bildirishicha kelasi yil Afg’onistonga qo’shimcha 20 ming askar yuboriladi. “Asosiy maqsad aholini xavfdan himoya qilish”,- deya tushuntiradi u.

“Biz Afg’oniston xalqi tinch yashashini, o’z taqdirini o’zi hal eta olishini istaymiz”, - deydi Geyts.

Tinchlikka erishish uchun qurolli kurashning o’zi yetmaydi, deydi ayrim siyosatdonlar. Tolibon bilan muzokara qilish kerak, deydi Pentagon maslahatchilaridan biri, tahlilchi Stiven Biddl.

“Harbiy harakatlar samara bersin desangiz, ba’zida dushman bilan gaplashishga majbursiz. Murosa yo’lini topish kerak. Tolibon kimlarni o’ziga og’dirmoqda. Nima sababdan deb so’rash kerak”, - deydi Biddl.

Iroq ham hamon mojarolar girdobida. AQSh askarlari xizmatni davom ettirmoqda. Nazorat boy berilsa, har ikki davlatda ichki urushlar avj olishi mumkin.

“Amerika hukumati har ikki davlatni qurol bilan tinchita olmasligini tushunib yetgan. Lekin harbiylar sal bo’shashsa, xurujlar ko’payishi ham turgan gap”, - deydi Stiven Biddl.

Aholining turmush darajasini oshirish uchun harakat qilish kerak, deydi yetakchi mutaxassis Set Jouns. Toki odamlar hayot yaxshilanayotganini sezsin.

“Inson qadri pasayib, hammayoq xonavayron ekan, xalq ham salbiy kayfiyatda. Qurulish va qayta tiklash ishlariga ahamiyat oshirilsin”, - Jouns.

AQShning bo’lajak prezident Barak Obama va u tanlagan vazirlar ham harbiy, ham ijtimoiy choralarni o’z ichiga olgan puxta reja bilan chiqmasa, deydi ekspertlar, NATOning bugungi harakatlar uzoqqa bormaydi.

XS
SM
MD
LG