Breaking News

Vatanga tobutda qaytayotganlar: urush omma nigohida


18 yildirki AQSh hukumati jang maydonida halok bo’lgan askarlarning tobuti vatanga qaytayotganini ko’rsatmay kelayotgan edi.

Axborot vositalari bu siyosatni qoralab, Oq Uyga bu taqiq qonunga xilof ekanini eslatib, Amerika urushlarda jon bergan farzandlari bilan vidolashishga haqli deya talablar qo’ygan.

Barak Obama yaqinda maxsus qaror qabul qilib, tobutlar xalqqa ko’rsatilsin deya farmon berdi.

Afg’onistonda o’lgan serjant Fillip Mayerzning tobuti samolyotdan tushirilar ekan, faqat foto-kameralarning ovozi quloqqa chalinadi. Amerika bayrog’iga o’ralgan tobut va sukunat…

Pentagonning bildirishicha 30 yoshli uchuvchi bomba hujumi oqibatida halok bo’lgan.

Marhum zobit - bronza medali bilan taqdirlangan qahramon.

Yangi qoidaga ko’ra tobutni ommaga ko’rsatish yoki ko’rsatmaslik marhum askarlarning oilasi ixtiyorida. Pentagon ulardan ruxsat olibgina, aerodromga axborot vositalarini kiritadi.

1991 yildan beri harbiylarning tobuti televizor ekranlarida ko’rsatilmay kelayotgan edi. Qarorni keksa Jorj Bush qabul qilgan va og’li prezidentlik paytida ham kuchda qolgan.

Bush ma’muriyati bu bilan “askarlarning oilalarini himoya qilayapmiz” desa, matbuot hukumat urush talofatlarini yashirayapti deya tanqid qilar edi.

AQSh mudofaa vaziri bu taqiqqa hojat yo’q deydi.

“Bizning nazarimizda tobutlarning axborot vositalarida ko’rsatilishi yoki ko’rsatilmasligini marhumlarning oilasi hal etishi kerak. Tobutlar Dover aviabazasiga keladi va tarqatiladi,” deydi Geyts.

Ko’pchilik amerikaliklar yangi qoidalardan mamnun. Urushda yaqinlaridan ayrilganlarga juda qiyin, deydi mana bu oila.

Pol Shvarts: “Qahramonlar oilasini hurmat qilishimiz kerak. Ular tobutni ko’rsatmasa mayli, lekin hukumatning bunga haqqi yo’q”.

Jan Shvarts: “Menimcha axborot vositalari bunga ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak. Tobutlarga qarang deb nog’ora chalishi shart emas. Haqiqatni ko’rsatsin xolos. Bu tobutlarda vatan qahramonlar yotibdi axir”.

Boshqa bir amerikalik esa tobutlar albatta ko’rsatilsin deydi:

“Bu tobutlar urush naqadar dahshatli narsa ekanini eslatadi. Xalq ularni ko’rishi kerak”.

2001 yildan beri AQShning urushga ketgan askarlaridan besh mingga yaqini tobutda qaytdi.

Telekanallar aviabazalarda qatorlab terilgan tobutlarni sukutda, ortiqcha sharhsiz ko’rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG