Breaking News

Urushdan urushga, Amerika harbiylari va ularning oilalari bilan suhbat


Urushdan urushga, Amerika harbiylari va ularning oilalari bilan suhbat
Urushdan urushga, Amerika harbiylari va ularning oilalari bilan suhbat

Iroq va Afg’onistondagi urushlarda yuzlab ming insonlar qatorida amerikalik olti ming askarning umri ham xazon bo’ldi. 44 ming nafari yaralanib qaytdi. Vatanda hayotni yangidan boshlashga urinmoqda.

Serjant Jessi Vilyams Iroqda xizmat qilayotganidan halokatga uchradi. Vilyamning rafiqasi, emizikli bolali, 20 yoshli Samandaga darrov qo’ng’iroq qilishdi. Bag’dod shimolida erining miyasini operatsiya qilishayotgan edi.

“Esim chiqib ketdi. Nima qilishim kerak, qayerga borishim kerak, bilmayman. Qo’limdan kelgani uyda o’tirib, kutish bo’ldi. Hech kimning boshiga tushmasin. Boshqa takrorlanmasin bu dahshat, chiday olmayman”,- deydi u.

Jang maydoni hech kimga shafqat qilmaydi
Jang maydoni hech kimga shafqat qilmaydi

Iroq urushida miyasi jarohatlanganlar ayniqsa ko’p.

Lekin o’sha kuni Vilyamsning hayoti uchun kurashgan shifokor uchun bu – birinchi jiddiy jarrohlik edi. Vilyamning miyasi esa soniya sayin o’layotgan edi.

“Ishini qildi lekin. Kitobini ochib qo’yib, telefonda tajribaliroq hamkasbi bilan maslahat qilib turib, ishni bitkazdi”,- deydi u.

Jessi Vilyams Amerikaga qaytgach, doktorlar uning bosh suyagining ko’p qismini olib tashlashdi. O’ziga kelganida rafiqasini taniy olmadi.

“O’ziga o’xshamasdi, ko’rib yuraklarim ezilib ketdi. Gapirolmasdi, meni tanimasdi ham. Juda og’ir bir payt edi”,- deydi u.

Oynaga qarash undan-da mushkul edi, deydi Vilyams. Boshining yarmi yo’q edi, ko’p narsalarni eslolmay, yaxshi gapirolmay qolgandi.

Afg'oniston
Afg'oniston

“Umrimning oxirigacha shunaqa bo’lib qolishimni o’ylab qo’rqib ketdim. Sog’aymasligim, yaxshi inson, yaxshi ota, yaxshi turmush o’rtoq, yaxshi zobit, yaxshi aka, yaxshi o’g’il bo’la olmasligimni o’ylab o’zimni yedim”,- deydi serjant.

Tibbiy saboqlar endilikda armiyaning kundalik yumushlaridan. Serjant va vrach Adam Smolning aytishicha, jang maydonida tibbiy yordam qanchalik yaxshi bo’lsa, askarlar shuncha tez tuzaladi.

“Taxminimcha, yaradorlarning 70-80 foizining hayotini saqlab qolamiz. Bunda ko’nikma va dori-darmon yordam beradi”,- deydi u.

Lekin urush faqat tanani emas, dilni ham jarohatlashi sir emas. Shona Fizer Iroqdan majruh qaytgan.

“Buning ko’rinmas yaralari ham bor va uni hamma ham tushunavermaydi”,- deydi Fizer

Oy borib, omon qaytmayotganlar
Oy borib, omon qaytmayotganlar

O’sha portlashdan bir yil o’tib, hanuz tunlari qo’rqinchli tushlar ko’radi. Shovqinni ko’tara olmaydi. Ruhan azobda, lekin armiyasiz hayotini tasavvur qilolmaydi.

“Jismonan va ruhan mayib bo’lgan inson uchun eng og’iri nima, bilasizmi? Yana safga qaytish, o’zi sevgan ishga qaytish. Men hali ham yaxshi askarman! Jarohatlarim hech narsa emas, hali ham kuchliman, deydi”.

Serjant Vilyams avvalgi boshidan olingan qolipni ko’rib, qanchasi ketganini biladi. Lekin harbiy ekanidan afsuslanmaydi.

“Urush bo’lgandan keyin shu-da. O’yin o’ynayotganimiz yo’q. Askarmiz. Jarohatlar esa kasbning bir qismi, iloj qancha”.

Urushlar davom etar ekan, jarohat olganlarning soni ham to’xtamaydi. Jang maydoni – beshafqat.

Otasi urushda yurgan bolalar, eri jang maydonida o'lib beva qolgan onalar

2001 yildan beri Qo’shma Shtatlar ikki davlatda urush olib borib, global terrorizmga qarshi kurashning og’irini asosan o’zi ko’tarib keladi. Oxirgi 10 yilda ba’zi zobitlar olovli nuqtalarga qayta-qayta borib qaytgan.

Terrorchilar 10 yil oldin Amerikaga hujum qilganida Jennifer Xaggins to’rt yoshda edi. O’shandan beri otasi, polkovnik Barri Xaggins kamida to’rt yilni jang maydonida o’tkazgan. Birga o’tkazgan vaqtlari aziz.

Tadqiqotlardan ma’lumki, otalari uzoq vaqt xizmat qilgan bolalarda depressiya, ruhiy tushkunlik kuchli.

Amerika Iroq va Afg'onistonda minglab askarini yo'qotdi
Amerika Iroq va Afg'onistonda minglab askarini yo'qotdi

Ayrim hollarda ota-onalar farzandlarga rostini aytmaslikni ma’qul ko’radi. Jenniferning onasi Mishel besh yil oldin shunday qilgan edi, eri portlash natijasida qattiq jarohatlangan dam edi.

“Dadang ko’ziga qaramasdan yurib, birdan yiqilib tushibdi, dedim. Chunki to’qqiz yoshli qizimning ko’ziga tikilib turib, bir odam o’zini portlatibdi, natijada dadang ham yaralanibdi, deyolmadim. Ha-ya keyin yana bir-bir yarim yilga ketar ekan urushga, deymanmi?”

Lekin shunday paytlar bo’ladiki, haqiqatni yashirish mumkinmas. Urush balosi Liza Xarletni beva, uch bolasini yetim qildi.

“Ular hali ham uncha tushunmaydi dadasi o’lganini, boshqa hech qachon qaytmasligini”,- deydi ona.

Prezident Obama harbiylarning jasadi olib kelinadigan Dover havo bazasi, Delaver shtatidagi maxsus inshootga tez-tez borib turadi
Prezident Obama harbiylarning jasadi olib kelinadigan Dover havo bazasi, Delaver shtatidagi maxsus inshootga tez-tez borib turadi

Uning turmush o’rtog’i kapitan jon Xarlett 2009 yilda Afg’onistonda jon berdi.

“Erim jangda nobud bo’ladi degan dahshatli fikr yetti uxlab tushimga kirib chiqmagan edi”,- deydi Liza.

AQSh qurolli kuchlarida ayollar ham xizmat qiladi. Shona Fizer yetti oylik o’g’li Devonni oilasiga topshirib, Iroqqa jo’nagan.

Uch oydan keyin majruh holda vatanga qaytdi. Devon uni tanimadi. Asta sekinlik bilan onasiga yana o'rganmoqda.

Lekin jang maydonidan yaralanib qaytib, tuzalib olgach yana urushga ketayotganlar talay.

Qo’shma Shtatlar armiyasi faqat xohlab kelganlarni safga qabul qiladi. Vatan mudofaasi uchun xizmat qilishga shay yoshlar ko'p. Buning ustida harbiylarga bu jamiyatda katta imtiyozlar beriladi, bepul ta'limdan tortib, xizmatdan keyingi kasb-hunar va nafaqagacha.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG