Qo’shma Shtatlar kelasi yil Afg’onistondagi qo’shin sonini ikki martaga oshirishni rejalamoqda.
Admiral Maykl Mullenning aytishicha, 2009 yilning yozida 30 minggacha askar safarbar etiladi. Hozir Afg’onistonda 31 ming amerikalik harbiy xizmat qilmoqda, biroq qo’mondonlar fikricha Tolibonni yengish uchun yetarli emas.
Harbiy brigadalar Afg’oniston janubida joylashgan Britaniya, Kanada va Gollandiya askarlariga qo’shiladi. Ular Tolibon mahkam o’rnashib olgan janubiy viloyatlarda barqarorlikni ta’minlashi lozim.
AQSh va NATO kuchlari qo’mondoni general Deyvid Makkirnan Bush ma’muriyatidan kamida 4 brigada, ya’ni 20 ming sonli qo’shin so’ragan edi. Ammo Afg’onistonga oxir-oqibat qancha harbiy safarbar etilishi ko’p jihatdan Iroqdagi vaziyatga bog’liq.
Admiral Mullenning aytishicha, “2008 yil mobaynida xurujlar soni ortgani, Tolibon va boshqa ekstremist guruhlar puxta reja asosida ish olib borayotgani rost. Qo’shimcha kuchlar zo’ravonlikni kamaytirish uchun zarur, toki afg’onlar mamlakat boshqaruvi va iqtisodiyotini rivojlantirish ishlarini davom ettirsin”.
AQSh qo’mondoni xalqaro koalitsiya kuchlari va Pokiston armiyasi o’rtasida hamkorlik jadallashib borayotganini qayd etgan. Ma’lumki, Pokiston hukumatining va’dalariga qaramay, Afg’onistonga qo’shni qabilaviy hududlar Tolibon va boshqa radikal harakatlar makoni bo’lib qolmoqda.
“Chegarada kuchli nazorat o’rnatilsagina mamlakatni birmuncha barqaror holatga keltirish mumkin”, - deydi Maykl Mullen.
Bugun Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida toliblar ikki afg’on aka-ukani josuslikda gumon qilib, otib tashlagan. Politsiyaning aytishicha Tolibon ularni Xost viloyatida AQSh kuchlariga ishlaganlikda ayblagan.