Breaking News

Yevropa gazni bir emas, har xil davlatdan olmoqchi


Yevropa gazni bir emas, har xil davlatdan olmoqchi
Yevropa gazni bir emas, har xil davlatdan olmoqchi

Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon va Turkmaniston bilan gaz quvuri bo'yicha mustaqil ravishda muloqot qilmoqchi ekan, Rossiya bu qarorni tanqid qilyapti. Ittifoq ushbu loyiha hisobiga Nabukko quvurini gazga to'ldirmoqchi. Nabukko tabiiy gazni Turkiya orqali G'arbiy Yevropaga uzatishni ko'zda tutadi. Rossiya ham o'zining yangi quvuri ustida ishlamoqda.

Kaspiy dengizidagi gazga uning atrofidagi besh davlat da'vo qiladi. Bular Rossiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog'iston va Eron. Ammo kimga qancha gaz tegishli ekani, Kaspiyning qaysi qismi kimniki bo'lishi haqida xalqaro bitim yo'q.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nazarida Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon va Turkmaniston bilan gaz ta'minoti bo'yicha muloqotda mintaqadagi geosiyosiy vaziyat va xalqaro qonunlarni inobatga olishi kerak.

Bu ishni Kaspiy atrofidagi barcha davlatlar bilan maslahatlashgan holda qilish kerak, deydi vazirlik so'zlovchisi Aleksandr Lukashevich. Chunki ular 2007-yilda bitim imzolab, xalqaro quvur qurishdek jiddiy masalalarni o'zaro hal qilishga kelishib olgan.

Nabukko loyihasi Rossiyani chetlab o'tadi. Yevropa davlatlari tabiiy gazdek strategik mahsulot borasida bir davlatga qarab qolmoqchi emas. Ayniqsa, yaqin o'tmishda Rossiya gazni bir necha bor o'chirib, undan siyosiy vosita sifatida foydalangach.

Yevropa Ittifoqining gazga bo'lgan ehtiyoji 25 foizga Rossiya yonilg'isi hisobiga qoplanadi. Biroq Nabukko uchun gaz kamlik qilgani bois Yevropa Ittifoqi Kaspiydan qo'shimcha quvur yotqizishni taklif qilyapti.

O'tgan hafta Yevropa Komissiyasi yonilg'i ta'minoti xavfsizligiga doir hujjat qabul qildi. Unda aytilishicha, tashqi hamkorlar bilan muzokaralarni a'zo davlatlar nomidan Yevropa Ittifoqi olib boradi.

Yil boshida Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan Yevropaga gaz yetkazishga doir qo'shma bayonot qabul qilgan.

Ammo Britaniya parlamentidagi konservativ siyosatchilar hujjatni tanqid qilyapti. Ular nazarida Britaniya xalqaro muzokaralarni o'z shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib olib boradi. Bu har bir a'zo davlatning savdo siyosatiga aralashuvdir, deydi ular.

Bu o'rtada Rossiya va Ukraina gaz narxi bo'yicha chiqisha olmayapti. Rossiya yonilg'i bahosini tushirgisi yo'q. Xafsalasi pir prezident Viktor Yanukovich kecha Turkmanistonga borib, gaz ta'minotini yo'lga qo'yish haqida gaplashdi.

2003-yilgacha Ukraina gazni Turkmanistondan to'g'ridan-to'g'ri olar edi, biroq keyinchalik o'rtaga vositachilar tushgan. Yanukovich Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muzokaradan so'ng gaz va neft ta'minoti bo'yicha hamkorlikni kengaytirmoqchimiz, degan.

Ukraina tabiiy gazning 60 foizini Gazprom orqali Rossiyadan oladi. Rossiya Yevropaga uzatayotgan gaz ham Ukraina orqali o'tadi.

Rasmiy Ashgabat gazning katta qismini Rossiyaga sotar edi, ammo global iqtisodiy tanazzul sabab 2009-yilda ta'minot qisqargan. Turkmaniston hozirda faqat Eronni yonilg'i bilan ta'minlab qolmay, Xitoyga quvur uzatgan hamda Pokiston, Hindiston va Afg'onistonni ham gaz bilan ta'minlash uchun yangi loyiha ustida ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG