Yaqin Sharqda inqiloblar oqibatida hokimiyatga kelgan rasmiylar farovonlikni ta’minlash maqsadida Yevropaga boqmoqda.
Ammo o’zi jiddiy inqirozga yuz tutgan Yevropa arab mamlakatlariga o’rnak va iqtisodiy sherik bo’la olarmikin?
Misr, Tunis va Liviyadagi iqtisodiy o’sish birinchi navbatda jahon bozoridagi vaziyat va investorlarning pul olib kelishiga bog’liq, deydi ekspertlar.
Ulardan biri – Maplecroft kompaniyasi tahlilchisi Entoni Skinner:
«Bu ilg’or davlatlarning cho’ntagi qanchalik baquvvat ekani, qo’zg’olonlardan tinkasi qurigan Liviya, Tunis va Misrga sarmoya olib kelishi yoki iqtisodiy yordam bera olishiga bog’liq».
London Iqtisodiyot Maktabi professori Yan Begg Yevropaning iqtisodiy muammolari arab davlatlarida har xil aks-sado berishini aytadi:
”Menimcha, biz arab dunyosidagi davlatlarga alohida-alohida qarashimiz kerak. Masalan, Liviya – neftga boy davlat va albatta sohani yo’lga qo’yish uchun ancha vaqt kerak bo’ladi. Umuman, Liviya iqtisodiy izolyatsiyadan qutulib, yengil tortadi. Misrning esa ahvoli og’irroq, chunki uning aholisi soni katta, lekin eksport potensiali cheklangan”.
Liviyalik tadbirkor Salom al-Mayar mamlakatining sarmoyador va sayyohlar uchun jozibasi haqida gapiradi:
”So’nggi 40 yilda neft iqtisodiyot o’zagi bo’lib kelgan. Endi esa boshqa sohalarni ham rivojlantirish vaqti keldi. Turizmni, masalan… Liviyada UNESCOning jahon durdonalari ro’yxatiga tushgan besh joy bor. Bu nihoyatda go’zal mamlakat. Bir tomonda dengiz bo’lsa, boshqa tomonda Sahroi Kabir, orasi yaqin arxeologik obidalar”.
Turizmni rivojlantirib, bundan katta daromad ko’rayotgan mamlakat – Tunis. Inqiloblar sababli yilning birinchi yarmida sayyohlar soni ancha kamaydi, lekin soha tiklanishi aniq.
Mintaqaga sayohat qiladiganlarning aksariyati – yevropaliklar.
Tahlilchilar qit’a asta-sekin oyoqqa turishiga ishonadi. Londondan Yan Begg:
“Yevropaning aksariyat mamlakatlarida yilning oxirigacha va albatta 2012-yilda o’sish kuzatiladi. Yevropa - arab mamlakatlari uchun yaxshi bozor”.
Arab davlatlari iqtisodiy islohotlarni boshlab yuborganini ko’rgan Yevropa sarmoya kirita boshlaydi, deyishmoqda mutaxassislar.