Bugun "Kyrgyztelecom" (Кыргызтелеком) aksiyadorlik jamiyati rahbari Askar Baratbayev Fergana axborot agentligi sayti fergananews.com ga to'siq qo'yilganini tasdiqladi.
Qirg'iziston davlat kommunikatsiya agentligi iltimosi bilan shunday qilindi, deydi Baratbayev.Mamlakat parlamenti 2011-yilning iyunida bu boradagi qarorni ma'qullagan, shundan beri qonunchilar Fergana saytini qoralab kelayotgan edi.
Parijda asoslangan "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti va boshqa qator xalqaro organlar nazarida mintaqaviy axborot manbai sifatida tanilgan, g'arbu sharqdagi ziyolilar, mutaxassislar va umuman keng omma tomonidan o'qiladigan bu sahifa yopilgani - Qirg'iziston uchun jiddiy chekinish, orqaga qadam tashlash.
"Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti fergananews.comni professional va xolis manba deya baholab keladi.O'zini Markaziy Osiyoning birinchi demokratiyasi deb maqtaydigan Qirg'izistonda, deydi faollar, matbuot cheklanayotgani nafaqat afsuslanarli hol, balki sharmandalik.
Fergana axborot agentligi 2010-yilning yozidagi xunrezliklarni yoritgan, shuningdek, Qirg'izistonni qiynab kelayotgan tub muammolar, jumladan, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik tizimlari va siyosatchilar orasidagi munosabatlar haqida muntazam ravishda tanqidiy maqolalar berib keladi.Lekin Qirg'iziston parlamenti chiqargan rezolyutsiyaga ko'ra, Fergana janubdagi fojiani bir tomonlama yoritib, etnik nafratni uyg'otuvchi xabarlar bergan.
Agentlik asoschisi va rahbari Daniil Kislov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Qirg'iziston hukumati haqiqat yuzaga chiqishini istamaydi degan edi.
Aytish joiz, O'zbekistonda bu saytga blok qo'yilganiga ancha bo'lgan. Fergananews.com qatorida yana ko'plab tanqidiy materiallar beruvchi sahifalar yopiq.