Breaking News

Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan


Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan
Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan

Qirg’iziston ko’proq elektr quvvati ishlab chiqarish maqsadida gidroelektrostansiyalar qurilishiga zo’r beryapti. Elektr quvvati hozirgi hajmda ichki ehtiyojni qoplashga yetmayapti.

Bu qahraton qish kunlari respublikada energiya ta’minotida tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda. Bu poytaxt Bishkekda norozilik chiqishlariga sabab bo’ldi.

Janubiy Qirg’iziston shahar va qishloqlarida, xususan O’shda chiroq o’chib qolishi odat tusiga kirgan. Bundan, ayniqsa, ko’p qavatli uylarda yashovchi odamlar aziyat chekmoqda.

“Mana hozir ham uyimda svet yo’q. Yosh bolalarimiz, jijilarimiz bor. Juda qiynalyapmiz”.

“Elektr quvvati kuniga uziladi. Kechki soat sakkizdan o’ngacha bo’lmaydi”.

“Ikki yashar o’g’lim bor. Juda sovuq qotayapmiz. Shu bois tez-tez og’rib qolyapti. Endi esa tabiiy gaz ta’minoti ham kesildi. Nima qilishni bilmay o’tiribmiz”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan
Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan

Mahalliy energetiklar sovuq kunlarda odamlarning yoppasiga elektr jihozlarini ishlatishidan tarmoqqa kuch kelayotgani va shu bois elektr liniyalarda avariyalar ko’payganini aytadi.

Ayni paytda mahalliy aholi elektr xizmati shikoyatlarga quloq solmayotganidan noliydi. Telefon qo’ng’iroqlarga elektr xizmati navbatchilari soatlab javob bermas ekan.

“Biz shaharning chetrog’ida istiqomat qilamiz. Elektr xizmatiga qo’ng’iroq qilsangiz hech tusha olmaysiz. Boshqa paytlar javob ham bermay qo’yaveradi. Agarda tushib qolsangiz, o’ngnab beramiz deydi xolos”, - deydi ko’chadagi talabalardan biri.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, elektr quvvati iste’molchilari huquqini poymol etish yuzasidan so’nggi kunlarda O’sh shahar prokuraturasiga o’nlab arizalar tushgan.

Aytish joizki, Qirg’iziston mintaqada eng yirik elektr quvvati ishlab chiqaruvchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Oxirgi yillarda o’lkada elektr quvvati ta’minotida uzilishlar ko’payganiga nima sabab?

O’shlik tahlilchi Odiljon Obidovning aytishicha, mustaqillik yillari o’lkada elektr tarmoqlarini yangilash, ularning quvvatini oshirishga e’tibor berilmay kelgan. Rasmiy ma’lumotlarga binoan, energiyani taqsimlash jihozlarining 75-80 foizini yangilash darkor.

Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan
Qirg’izistonda elektr tarmoqlari ta’mirtalab bo’lib qolgan

“O’tgan 20 yil davrida Qirg’izistonda energetika tarmog’ini, uzatish sistemasini tartibga keltirish, rekonstruksiya qilish bo’yicha deyarli hech qanday ish qilingani yo’q. Shu sababdan, menimcha, birinchidan qilinadigan ish – bu Qirg’izistonda alohida, boshqa mamlakatlarga bog’liq bo’lmagan yuqori kuchdagi elektr uzatish liniyalarini barpo etish kerak. Ushbu narsani bir-ikki yil ichida hal etmasak, bu masala Qirg’izistonning energetika xavfsizligiga salbiy ta’sir ko’rsatishi turgan gap. Juda katta miqdorda elektr energiya ishlab chiqarayotgan o’lkada keyingi yillarda kuzatilayotgan energetik krizis bu narsaga boshqacha yondashish kerakligini ko’rsatib turibdi. Eng avvalo elektr tarmo’gidagi yo’qotishlarni kamaytirish kerak. Respublikada elektr uzatish liniyalari eskirib qolgani tufayli 40 foiz elektr quvvati yo’qolib ketyapti, isrofgarchilikka uchrayapti. Qo’shni O’zbekistonda ushbu ko’rsatkich 5 foizga, Qozog’istonda esa 14 foizga yaqin”, - deydi u.

Mutaxassislar axboroticha, aslida Qirg’izistonda energetika sohasi taraqqiyoti uchun so’nggi yillarda qariyb 300 million dollar ajratilgan. Ammo soha hozirgacha oqsab keladi, deydi ular.

“Mana qo’shni davlatlarda so’nggi paytlarda issiqlik elektrostansiyalarini qurish, ularni keyinchalik ekspluatatsiya qilish masalasi bilan jiddiy shug’ullanishyapti. Bizda esa ana shu imkoniyat boy berilmoqda”, - deydi Odiljon Obidov.

Suhbatdosh Qirg’izistonda ko’p bo’lmish daryochalarda kichik elektr stansiyalari qurish tarafdori.

“Bunday inshootlardan elektr quvvatini uzatish ham qulay”, - deb hisoblaydi u.

Keyingi paytlarda Qirg’iziston qo’shni davlatlarga va olis xorijga yirik miqdorda elektr quvvati sotish rejalarini e’lon qilgan. Mutaxassislar esa mamlakatning o’zida elektr tarmoqlari jiddiy e’tiborga muhtojligini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG