Breaking News

Vatandagi manzara: O'zbekistonda qahraton qish, gaz yo'q


Ko’p joylarda gaz va chiroq yo’q. Aholi tezak va o’tin yoqib isinishga majbur. Shaharlarda sharoit sal yaxshi, lekin qishloqlarda...
Ko’p joylarda gaz va chiroq yo’q. Aholi tezak va o’tin yoqib isinishga majbur. Shaharlarda sharoit sal yaxshi, lekin qishloqlarda...

O’zbekistonda bu yilgi qish sovuqlari hukumatning iqtisodiy yutuqlari va aholining sabr matonatini sinovdan o'tkazmoqda. Qahraton allaqachon bir necha odamni hayotdan olib ketgan.

Gaz va ko’mir yo’q ekan, viloyatlarda aholi dov-daraxtlarni kesib o’tin yoqmoqda.

Bozorda bir mashina o’tinning narxi deyarli ko’mir bahosi bilan teng. Qishloqlar atrofida o’tinga yaroqli daraxtlar kesib bitkazilgan. Ko’pchilik uchun tirikchilik manbai bo’lib kelayotgan mevali daraxtlarni kesishga esa hamma ham jur’at qila olmaydi.

Toshkent shahrida ahvol yaxshi, lekin viloyatlarda-chi?
Toshkent shahrida ahvol yaxshi, lekin viloyatlarda-chi?

Hukumat aholining sabr kosasi to’lganini sezyapti shekilli, viloyat hokimlari televideniye orqali mavsumga tayyorgarlik haqida hisobot bermoqda. Lekin amalda biror o’zgarish yo’q.

Imtiyoz narxda tarqatilayotgan ko’mirdan asosan shaharliklar bahramand bo’layapti.

Qishloqlarda esa vaziyat o’sha-o’sha. Ko’p joylarda gaz va chiroq yo’q. Aksariyat aholi tezak va o’tin bilan isinishga majbur.

To’satdan kelgan sovuqdan so’ng havoning bir oz ilishi aholi orasida sarosimani bir oz chekintirgan. Biroq haqiqiy qahraton hali oldinda.

O’zbekiston hukumati Qirg’iziston va Qozog’istonga sotilayotgan gaz hajmini qisqartirgan. Hozircha bu choraning ichki ehtiyojga ta’sir o’tkazgani sezilmayapti.

Qishloqlarda gaz yo'qligi sabab odamlar tezak va o'tin yoqadi
Qishloqlarda gaz yo'qligi sabab odamlar tezak va o'tin yoqadi

O’zbekistonda ijtimoiy harakat tashkil etish tashabbusida yurgan faol Ruhiddin Komilovning aytishicha, hokimlar qanchalik bong urmasin, sharoit ayanchli.

“Jizzax va Qashqadaryoda bo’ldim. Ahvol juda og’ir. Gaz va svet masalasida vaziyat shu tariqa davom etaversa, aholi chidab tura olmaydi, shunchaki qarab turmasa kerak”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Bir necha yillar avval O'zbekiston hukumati qishloqlarni gazlashtirish islohotini boshlagan edi.

Prezident Islom Karimovning o’sha paytlarda aholiga qarata “mol-holingizni sotib bo’lsa-da uyingizga gaz quvurlarini o’tkazib oling” degan murojaati hozir ham afsus bilan eslanadi.

Qishloq aholisi borini sarflab quvurlar o’tkazdi, lekin ulardan gaz oqmayotganiga bir necha yillar bo’ldi. Bu muammoga elektr tanqisligi qo’shilib, ahvol yanada qiyinlashdi.

O’zbekiston elektr quvvati va tabiiy gaz eksport qiladi. Hukumatning iqtisodiy o’sish haqidagi ko’rsatkichlari juda yuqori. Ammo aholining turmush darajasi bag’oyat pasayib ketgan. Bu ochiq haqiqat.

XS
SM
MD
LG