Breaking News

Shahardan qishloqqa... Amerikaning yangi fermer-tadbirkorlari


Kristian va Liza Texasdagi fermasida
Kristian va Liza Texasdagi fermasida

Butun mamlakat qiyin iqtisodiy ahvolda ekan, ishi borlar uni yo’qotishdan qo’rqadi. Kammi-ko’pmi, daromadi borligiga shukur qilib yashaydi. Biznes boshlash qaltis ishdek tuyuladi, lekin bu og’ir damlarda aynan tadbirkorlikni ma’qul ko’rayotgan amerikaliklar ham ko’p.

Echkilarga yem berish, ularni sog’ish - fermer Kristian Seger uchun bu kundalik ish.

Uning rafiqasi Liza oshxonaga qaraydi. Uning davlat talablariga javob berishini ta’minlash - ayol bo’ynida.

Sut mahsulotlari tayyorlaydigan uskuna sotib olishgan, juda qimmat.

“Bu shunchaki xobbi, o’tkinchi qiziqish emas. Biz katta mablag’ sarflab, ish boshladik. Jiddiy biznes bu”,- deydi Kristian.

Texas dalalarida
Texas dalalarida

Bundan besh yil avval Kristian va Liza haqiqiy shaharlik edi. Liza reklama sohasida ishlar, Kristian esa audio muhandis edi.

Ammo oila o’z biznesini boshlashga qaror qildi.

“Boshqalarga ishlash jonga tegdi. Ular mendan foyda ko’rdi, lekin men mehnatimdan u qadar naf ko’rmadim. Daromadim oshmadi”,- deydi Kristian.

2006 yilda Kristian va Liza to’rt gektar yer va biznesni boshlash uchun zarur texnologiya sotib oldi.

Texas dalalarida
Texas dalalarida

Ular echki sutidan pishloq ishlab chiqaradi va mahalliy restoranlarlarga sotadi, boshqa mijozlari ham bor.

Har hafta Xyustonga, Rays universiteti yonidagi dehqon bozoriga kelib savdo qiladi. Xyuston – katta shahar, bunday mahsulotlarga talab ham yuqori bu yerda.

“Xyuston ahli oziq-ovqat yeyishni yaxshi ko’radi. Mahsulotlarimizni qadrlashadi. Demak, biz uchun bozor bor”,- deydi Liza.

Fermerlikni boshlashdan oldin na Kristian, na Liza bu sohada biror bilim-tajribaga ega edi. Ammo bu ularni to’xtatmadi. Izlanishdi, o’rganishdi.

Shahardan qishloqqa... Amerikaning yangi fermer-tadbirkorlari
Shahardan qishloqqa... Amerikaning yangi fermer-tadbirkorlari

“Biz yashayotgan ajoyib zamonda hamma narsani internet orqali o’rganish mumkin, hamma narsani. Qidirsangiz bo’lgani!”- deydi Liza.

Tabiat bilan hamohang bo’lishni esa ular qishloqda yashashni boshlaganidan keyin o’rgandi.

”Qishda echkilarga kechqurun soat beshlarda yem beriladi. Sut sog’iladi, soat 6 larda ish tamom. Yozda esa kun uzun… Mol-hol bilan 9-9:30 gacha ovoramiz. Mavsumga moslashamiz-da”,- deydi Kristian.

Liza echkilariga xuddi bolasidek qaraydi. Tabiiy, deydi u.

”Mol boqish - katta mas’uliyat ekan. Ekin ekib, yetishtirish ham oson emas ekan. Bu qattiq mehnat talab qilishini tushunib yetdik. Doimiy harakatdamiz, aks holda daromad yo’q”.

Kristian va Liza hayotidan mamnun. Bu ishga qo’l urganidan afsuslanmaydi. Aksincha, o’zlariga ishonchi oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG