AQSh janubi qurg’oqchilikdan aziyat chekmoqda. Qishloq xo’jaligiga asoslangan shtatlarda vaziyat tang. “Amerika Ovozi” yaqinda Texasda bo’lib, chorvadorlar dardiga quloq tutdi.
Texas shtatida qoramol savdosi avjida. Yaylovlar qurigani sababli Eshli Nolan kabi fermerlar chorvani ertaroq sotib yuborishga harakat qilyapti. Bu esa oson emas.
”Qiyin bo’ldi. Butun yoz chorvamizning deyarli hammasini birma bir sotib bo’ldik. Yom’gir yo‘garmikin dedik, kutdik, bo’lmadi”.
Texas shimolidagi Labbok degan bu hudud faqat rancholardan iborat. Bu yili odatdagidan besh barobar kamroq yog’ingarchilik kuzatildi. Rik Kellison qurg’oqchilikdan tinkamiz quridi, deydi.
”Ilgari bundan ham kuchliroq qurg’oqchilik bo’lgan derdim. 60 ga kirdim. Bunisi eng yomoni”.
Kellison molining yarmini sotishga majbur bo’ldi. Qurg’oqchilik oqibatida narxlar osmon barobar oshib ketdi. Boshqa chorvadorlar qatorida Kellison ham muqobil yo’llarni izlamoqda.
Odatda arzon mahsulotlar soni ham oshib ketdi bugun. Qurg’oqchilik paxtazorlarni payhon qildi. Bu degani boshqa narsalarning bahosi ham osmonga chiqmoqda.
Kellison kamroq yem yeb, ko’proq sut beradigan sigirlar yetishtirish ustida o’n yildan ko’proq ter to’kdi. Endi esa ularni pullashga majbur.
“Nimalarni orzu qilmagan edim… Hozir bu molni sotadigan emas, uning rohatini ko’radigan payt”.
Ko’plab fermerlar chorvachilikdan voz kechmoqda, deydi u.
“Faqat pul desangiz va molga joningiz achimasa, ularni sotib yuborish – eng oson yo’l.”
Ammo Kellison uchun bu qiyin qaror.
“Sigirlarimning oti bor. Biz birinchi navbatda ular haqida qayg’uramiz”.
Kellison va uning oilasi uchun qoramol asosiy boylik. Shu bois u hozircha chidayapti, sotmoqchi emas.
Texasda chorvadorlarni xursand qiladigani – mol narxining balandligi. Iqtisod chatoq bo’lib turgan davrda bu ayni muddao. Ortiqcha pul qurg’oqchilikdan o’tib olish imkonini beradi.
Tanganing ikkinchi tomoni shundaki, qoramol kamayar ekan, go’sht narxi oshishi aniq. Sotilgan molning esa qaytishi qiyin, deyishadi. Yana pul kerak.
“Qurg’oqchilik hali tugamaydi deb xavotirdaman. Qachon bitadi, bilmaymiz”.
Kelasi yil ham ob-havo quruq kelishi aytilmoqda. Mutaxassislar Texasda qurg’oqchilik o’n yil davom etishi mumkin deya taxmin qilmoqda. Shu kungacha Texas shtati chorvadorlari jami 5 milliard dollarlik ziyon ko’rdi. Iqlim hali-beri normallashmasa, rancholar vayron bo’ladi, deydi fermerlar.