Yer shari bo'ylab havo harorati ko’tarilib borayotgani avvalo qishloq xo’jaligiga ta’sir ko’rsatmoqda. Olimlar bu borada turlicha fikrda, lekin shu aniqki, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar hajmi pasaymas ekan, hosil rejadagidek bo’lmaydi.
AQShning Viskonsin-Medison Universiteti professori Molli Jan “Science” (Ilm-Fan) deb nomlangan xalqaro jurnalda chiqqan yirik maqola mualliflaridan biri.
“Qishoq xo’jaligi juda muhim, chunki oziq-ovqat xavfsizligi va ta’minoti – ustuvor masala”,- deydi olima.
2008 – yilga kelib avj olgan global inqiroz sabab oziq-ovqat mahsulotlari narxi osmonga ko’tarildi va tushmayapti.
Hosildor yerlar kamaygan, ko’plab davlatlarda qishloq xo’jaligi kichraygan. Asosiy sabab ekologiya buzilgani, deydi mutaxassislar, qolaversa amaldagi siyosat. Dehqonchilik qiyinlashgan.
Ammo iqlim o’zgarib borayotgani asosiy omil sifatida ko’riladi.
Yer yuzida aholi ko’paymoqda, oziq-ovqatga bo’lgan talab oshmoqda.
Qishloq xo’jaligi rivojlanmas ekan, fojia tomon yuz tutamiz, deydi Molli Jan.
Uning tahlilicha, qay mamlakatda bo’lmasin, ilm-fan ahli bu sohaga e’tibor qaratib, bugungi vaziyatni izchil o’rganib chiqishi, tuproq, ekinzorlar va urug’lar sifatini tekshirishi, ularni yaxshilash uchun hukumatlar zarur choralar ko’rishi lozim.
Global iqlimdagi salbiy o’zgarishlar el va mintaqa tanlamaydi. Uning oqibatlari har yerda namoyon, deydi olima.