Breaking News

Amerika bo'ylab norozilik namoyishlari avjida


Nyu-Yorkda yirik birjalar joylashgan Uoll Streetda turgan namoyishchilar
Nyu-Yorkda yirik birjalar joylashgan Uoll Streetda turgan namoyishchilar

Amerika moliya markazi Nyu-Yorkda boshlangan norozilik namoyishlari bugun siyosat o’chog’i Vashington va boshqa yirik shaharlarni ham qamrab olgan. Minglab odamlar iqtisodiy adolat va xalq manfaatlarini ko’zlovchi siyosat talab qilmoqda.

Ular xususiy sektorni, yirik biznes va korporatsiyalarni moliyaviy inqirozga yetaklaganlikda, keyin esa davlatdan yordam olib, qayta oyoqqa turib, daromadni xalq bilan bo’lishmayotganlikda ayblaydi.

2008-yilda AQShdagi sanoat va banklar jar yoqasiga borganida, hukumat yuzlab milliard dollar ajratib ularni asrab qolgan. Lekin bu bilan iqtisodiy qiyinchiliklar barham topmadi. Bugun Amerika aholisining 10 foizga yaqini ishsiz.

Chikago
Chikago

Nyu-York, Vashington, Chikago, Los Anjeles… Qayerga bormang, jamoatchilik norozi, bugungi ahvoldan g’azabda.

Namoyishchilarning ko’pi liberal fikrlaydigan amerikaliklar. Ular konservativ siyosatni, Respublikachilar Partiyasi olg’a suradigan g’oyalarni qoralaydi.

Trevor Bredford ismli mana bu fuqaro Shimoliy Karolina shtatidan kelibdi. Oq Uy eshitsin bizni, deydi.

“Odamlar to’xtamaydi, bizning talabimizni eshitib, chora ko’rishmaguncha, hech qayoqqa ketmaymiz. Maydonda faqat 10 ta odam qolsa ham, turaveramiz”

Nyu-York
Nyu-York

Namoyishchilarning shikoyati shuki, Amerika iqtisodiyotini inqirozga olib borgan kompaniya va ularning egalari javobgarlikka tutilmadi. Millionlab odamlar ishidan ayrildi.

Ko’chaga chiqqanlarning har biri o’z haqqini talab qilmoqda, deydi siyosiy tahlilchi Maykl Kazin. Hukumat eshitib turibdi.

“Prezident Barak Obamaning reytingi eng past nuqtada. Kongressning reytingi ham rosa pasayib ketgan. Odamlar hokimiyatga nima bo’ldi deb so’ramoqda. Nega rahbarlar iqtisodni yaxshilash uchun chora ko’rmayapti? Siyosatchilar o’zaro tortishuv bilan band”,- deydi Kazin.

Deyvid Sumis, urushlarda qatnashgan qahramon. U ham bugungi siyosatdan norozi.

"Chiqishdan maqsadim – hukumatda o’tirganlar xalq dardini bilsin, eshitsin, xulosa qilsin. Nega shuncha odam ulardan dod deyapti? Saylab qo’ygansiz bu rahbarlarni. Haqqimizni talab qilish – burchimiz. Hali ko’p odam chiqadi, ko’rasiz”,- deydi veteran.

Vashington
Vashington

Bu yil o’zi namoyishlar yili ekan. Arab dunyosida diktaturalar ag’darilib, ba’zi davlat hamon qozg’olonlar ichida.

G’arbdagi erkin jamiyatlarda ham omma hukumatlarga qarshi bosh ko’tarmoqda. Asosiy sabab – iqtisodiy inqiroz.

“Namoyishchilar butun mamlakatdan kelgan odamlar. Ular, nazarimda, hech yoqqa ketmaydi. Kerak bo’lsa, shu maydonda tunaydi. O’zgarish talab qilmoqda”,- deydi Deyvid Kavana, tahlilchi olim.

Ayrim namoyishchilar ommani birlashgan holda harakat qilishga undamoqda, lekin bu oson kechmayapti. Mana shu narsa ularga pand berishi mumkin, deydi tahlilchi Maykl Kazin.

“Namoyishlar davom etishi, muayyan harakatga aylanishi va Amerika siyosati va jamiyatida biror o’zgarishga turtki berishi uchun, bu olomon bir yetakchi, strategiya va tashkilot ostida birlashishi zarur. Aks holda, samara bermaydi”,- deydi siyosatshunos.

Namoyishchilarning ba’zilari ona shaharlariga qaytib, chiqishlarni u yerda davom ettirmoqchi. Boshqalar esa hukumat chora ko’rmaguncha bir qadam ham jilmaymiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG