Amerika bo’ylab “Egalla” shiori ostida norozilik namoyishlari davom etar ekan, ikki yirik siyosiy kuch, Demokratik va Respublikachilar partiyasi, bu chiqishlardan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga urinmoqda.
Lekin namoyishchilar partiyabozlikdan to’ygan. Liberal yoki konservativ, mustaqil yoki yana boshqa bir partiya tarafdori, amerikaliklar amaldorlardan iqtisodni yaxshilash uchun tezlikda chora ko’rishni talab qilmoqda.
Xususiy sektor, yirik biznes va korporatsiyalarga qarshi ommaviy chiqishlar boshlanganiga bir oydan oshdi. Har kuni namoyish.
Dastlab respublikachilar ularni olqishladi.
Lekin bu partiyadan prezidentlikka da’vogar Xerman Keyn namoyishlarda demokrat prezident Barak Obamani ayblab chiqdi.
“Namoyishchilar Obama ma’muriyati xatolariga ko’z yummoqda”,- deydi u.
Respublikachilarning xohishi shuki, namoyishchilar aynan bugungi rahbar va uning siyosatini qoralashi kerak, bizneslarni emas. Muammo bugungi prezident va uning partiyasi, deydi ular.
“Respublikachilar ommaviy chiqishlar, norozilik namoyishlarini o’z foydalari uchun yo’naltirishga harakat qilmoqda. G’azabga to’lgan fuqarolardan qo’llanmoqchi”,- deydi Jon Fortier, siyosiy tahlilchi.
Namoyishchilar nazarida esa ayb o’zi axborot vositalarida. Ular xalqning dardini eshitmayapti.
“Nega ular bizni qiynayotgan masalalarni izchil yoritmayapti? Hokimiyatni savolga tutmayapti? Sayoz axborot berishadi. Hukumatga shikoyatimiz yetib bormayapti”,- deydi Ron Sanger ismli namoyishchi.
Demokratlar ham bu namoyishlar va chiqishlardan foydalanib qolmoqchi. Respublikachilar bizga biror o’zgarish qilishga yo’l bermayapti deya ommani o’zi tomonga og’dirish ilinjida. Demokratlar hamisha siz tomonda, deydi ular.
“Prezident Obama o’z siyosatini tushuntirib, qayta saylanish uchun amerikaliklar ko’nglini ovlar ekan, e’tibor va umid mana shu namoyishchilarda”,- deydi Ray Tiksera, siyosiy tahlilchi.
Lekin namoyishchilar hech kimni oqlamaydi, ular har ikki partiyadan birdek norozi.
Prezidentni samarasiz siyosatda, respublikachilarni esa fuqaro emas, bizneslar manfaatini ko’zlayotganlikda ayblashadi.
“Prezidentimiz ham pulga sotilgan. Hozir ham shu. Qayta saylanish uchun hammaga do’st bo’lmoqchi. Biror o’zgarish qilmasa ham, yana unga ovoz berishni so’rayapti”,- deydi Vera Spor, ko'chada turgan faollardan biri.
Hech kim bizdan foydalana olmaydi, deydi katta maydonlarda tunayotgan bu namoyishchilar.
Ular deydiki, demokratik jamiyatda siyosiy raqobat xalqni progress tomon yetaklashishi kerak. Bu ikki partiya esa hozir fuqaro manfaatlarini tamoman unutgan, deydi amerikaliklar.