Breaking News

Inqiroz Obamaning aybi emas, lekin yechim uning bo'ynida


Prezident Barak Obama Ayova shtatining Dekora shahrida saylovchilar oldida so'zlamoqda
Prezident Barak Obama Ayova shtatining Dekora shahrida saylovchilar oldida so'zlamoqda

Amerika rahbarining reytingi bugun 40 foizdan ham pasayib ketgan. Barak Obama kelasi yilgi saylovda prezidentlikka qayta saylanish ilinjida va shtatma-shtat yurib, oddiy xalq ko’nglini ovlamoqda. Shu kunlarda u Minnesota, Ayova va Illinoysga safar qildi.

2008 yilda Amerikaning bu qismlarida ko’pchilik Obama uchun ovoz bergan edi, lekin bugun manzara boshqacha. Iqtisodiy qiyinchiliklarning oxiri ko’rinmaydi, odamlar o’zgarish talab qilmoqda.

Ko’plab amerikaliklar hamon Obamaga ishonadi, unga tayanadi.

Prezidentlikka da'vogar respublikachi Ron Pol saylovchilar bilan uchrashib, prezident Obamani ishni eplay olmaganlikda tanqid qilmoqda
Prezidentlikka da'vogar respublikachi Ron Pol saylovchilar bilan uchrashib, prezident Obamani ishni eplay olmaganlikda tanqid qilmoqda

Ayova shtati, Dekora shahridan Jim Linch:

“Prezidentimiz qo’ldan kelgancha harakat qilayapti, lekin afsuski, boshqalar bo’yin tovlayapti. U bilan hamkorlik qilishmayapti. Muxolif siyosatchilarni aytaman. Bu Obamaning aybi emas, menimcha”.

Lekin bu fikrga qo’shilmaydiganlar juda ko’p, ayniqsa, prezidentlikka nomzodini qo’ygan respublikachilar va ularning tarafdorlari.

Prezident Obama “xalq dardini bilaman va tushunaman” deydi.

“Muammo shundaki, siyosatchilarimiz partiyaboz. Raqib tomonni qulatish uchun xalq manfaatini chetga surishga tayyor. Qarshi partiya yutqazsin deb, butun mamlakat oldinga siljishiga to’sqinlik qiladi”,- deydi prezident saylovchilar bilan uchrashar ekan.

Obama ishsizlik va iqtisod haqida gapirar ekan, diqqatni oz bo’lsa-da, shu kungacha erishilgan yutuqlarga qaratmoqda. Progress bo’ldi, deydi u.

“Ayova shtatida ishsizlik 4,8 foizda. Boshqa shtatlar va butun mamlakat bilan qiyoslasak, ancha kam”, - deydi Rendi Ul, Dekora shahri joylashgan Vinnishek tumani rasmiysi, taraqqiyot uchun mas’ul.

Obama Minnesota shtatida
Obama Minnesota shtatida

“Qurilish sohasi bu yerda juda katta. Qishga borib, ishsizlar soni bir oz oshadi, keyinroq esa, qurilish loyihalari boshlangach, yana kamayadi. Albatta, odamlar qiynalmasin, deymiz. Sanoat va bizneslar o’ssin, deymiz. Ishlab chiqarish to’xtab qolmasligi uchun harakat qilayapmiz”.

Kati Rima – fermer. Ishsizlik ko’lami qanchalik keng ekanini qog’ozga qarab emas, amalda ko’rish kerak, deydi u. Ilojsiz odamlar juda ko’p.

“Oliy ma’lumotli, muayyan bir sohada ish qidirayotgan bo’lsangiz, sizga bu yerda non yo’q”,- deydi dehqon.

Kati Rima fikricha ham bunga prezident aybdor emas, lekin odamlar uni javobgarlikka tutishi tabiiy hol. Kelasi yil qayta saylana olmasligi mumkin.

“Hamma biladiki, u prezidentlikka kelgunicha ishning pachavasi chiqib bo’lgan edi. Unga iqtisodiy inqiroz meros bo’lib qoldi. Prezident ekan, bizni krizisdan chiqarish – uning vazifasi. Obama harakat qilayapti, lekin samaradan hozircha darak yo’q”.

Ommaviy so’rovlarda ham amerikaliklardan shu kabi fikrlarni eshitasiz.

Ular prezidentni tushunadi, lekin hokimiyat tepasida turgani uchun, undan konkret yechimlar ham kutadi. Davlat rahbarimi, ishini qilsin, deydi ular, muammolarni hal etsin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG