Breaking News

AQSh davlat pochta xizmati hayot uchun kurashmoqda


AQSh davlat pochta xizmati hayot uchun kurashmoqda
AQSh davlat pochta xizmati hayot uchun kurashmoqda

Zamonaviy texnologiya taraqqiyoti, xususan internet turmushning ajralmas qismiga aylangani va odamlar bir-biri bilan asosan elektron aloqa qilishga o’tgani Amerika davlat pochta xizmati kelajagiga rahna solmoqda. Tizim bugun ancha kichraygan, shu bilan birga xizmatlarini yangilab bormoqda. Lekin moliyaviy yetishmovchilikdan qiynalgan.

USPS, AQSh Pochta Xizmati, har yili milliardlab dollar ziyon ko’rmoqda.

Davlat agentligi bo’lsa-da, bu tashkilot byudjetdan mablag’ olmaydi va mustaqil ravishda ish yuritadi. Daromad xizmatdan keladi.

Bugungi kunga kelib, pochta xizmatlaridan foydalanadiganlar ancha kamaygan.

Kompaniya davlatdan katta miqdorda qarz olgan va mablag’ni vaqtida qaytara olmasligi mumkin. Oxirgi muddat – 30-sentabr.

Pochta xizmati rahbari Patrik Donaxyu vaziyatni shunday tushuntiradi:

“Defolt yoqasidamiz. 30-sentabrgacha Kongress bizga yordam tariqasida yangi qonun qabul qilib, moliyaviy imtiyoz bermasa, 5,5 milliard dollarlik qarzimizni to’lolmaymiz”.

Bu degani tashkilot yopilishi mumkin. Ish yuritish uslublarida keskin o’zgarishlar bo’lmasa, deydi Donaxyu, tizim botqoqdan chiqolmaydi.

Pochta xizmati xodimlari sonini qisqartirish, qolganlariga kamroq imtiyozlar va ijtimoiy himoya taklif qilish, shuningdek, shanba kuni ishlamaslik kabi takliflar o’rtaga tashlangan. Odatda pochtachilar haftasiga olti kun xizmatda.

Pochtachilar kasaba uyushmasi bu takliflarga qarshi chiqib, agentlik rahbarlarini subutsizlikda ayblamoqda.

Gap axir 600 mingdan ortiq ishchi taqdiri ustida ketmoqda, deydi faollar.

Shimoliy Amerikada birinchi pochta xizmati 1692 yilda ishlay boshlagan.

1775 yilda esa AQSh Pochta Xizmatiga asos solingan.

Mustaqil senator Jo Liberman fikricha bu tizimni tubdan isloh qilish kerak.

Demokrat va respublikachilar pochta xizmatini saqlab qolish borasida turli takliflar kiritmoqda. Oq Uy Kongressdan pochtaga qarzini to’lash uchun yana 90 kunlik muddat berishni so’ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG