Byudjet tang AQShda tahlikaning oldini olishga intilayotgan prezident Barak Obama bugun qilgan chiqishida mamlakat iqtisodiy o’zagi hamon mustahkam, deya ishontirishga urindi.
Shu paytgacha “mixday” deb ko’rilgan Amerika kredit reytingi o’tgan juma pasaydi. “Bozorning tabiati shu”, - deb javob qiladi prezident Obama. “Bir balandlab, bir tushadi”.
Amerikaning reytingini tushirgan moliya sohasida yetakchi “Standard & Poor’s” agentligidir. Bu davlatga bo’lgan ishonch pasayib, qarz berishdan oldin yetti o’lchab, bir kesiladi, degani.
“Turli agentliklar nima deb xulosa qilmasin, Qo’shma Shtatlar eng ishonchli va qudratli davlat bo’lib qoladi”, - dedi prezident.
Obama nazarida kredit reytingining pastlagani AQShdagi siyosiy tortishuvlar bilan izohlanadi va bu yurt moliyaviy salohiyatiga mutlaqo aloqasi yo’q.
“Jahon biznes ahli uchun hali ham pand bermaydigan hamkorlar ro’yxatida birinchimiz”, - deydi u.
“Davlat qarzining tobora oshib borayotgani, prezident va Kongress a’zolarining qarzni kamaytirish masalasida bir to’xtamga kela olmayotganidan xulosa qilamizki, Amerika ishonch borasida a’lo reytingga ega ba’zi mamlakatlarga bas kela olmaydi”, - deydi “Standard & Poor’s” agentligi vakili Jon Chambers.
Davlat qarzi bu yili 15 trillion dollardan oshadi. Respublikachi va demokratlar xarajatni kelasi 10 yilda ikki trillionga kamaytirishga kelishgan. “Standard & Poor’s” agentligi nazarida bu yetarli emas. To’rt trillion dollarga kamaytirish zarur, deydi kompaniya.
AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytner fikricha, “Standard & Poor’s” moliya agentligi qaror qabul qilishda xomlik qilib, bilimsizligini namoyish etgan. “Davlatimiz iqtisodiyoti mustahkam va sinovga chidamli. Amerika avval o’z majburiyatlarini bajarib kelgan, bundan keyin ham bajaradi”, - deydi u.
Obama “Standard & Poor’s” qarori qonunchilarni gapga ko’nishga majbur qiladi, davlat xarajatlarini kesishga undaydi, degan umidda. Lekin badavlat fuqarolar ko’proq soliq to’lasin degan taklifiga respublikachilar keskin qarshi.
AQSh prezidentining nutqi ketidan ham jahon qimmatbaho qog’ozlar bozori sust va aksiyalar bahosi tushishda davom etmoqda.